Rahbar va yoshlar uchrashuvi
Poytaxtimizda “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shahnoza Sultonova ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tadbir davomida yoshlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar muhokama qilinib, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, uchrashuv yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning tashabbus va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, shu bilan birga rahbarlar va yoshlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyida ham o‘quvchi-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari D.Rahimova, Toshkent shahar Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Sh.Nabiyev, mutasaddi tashkilotlar vakillari, akademiklar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etgan tadbirda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, tashabbus va takliflari bilan faol ishtirok etdi.

Bildirilgan murojaatlar atroflicha o‘rganilib, tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi. Ayrim masalalar esa shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi.

Shuningdek, mas’ullar tomonidan litseyda yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ta’lim jarayonlari hamda o‘quvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishildi.

Qayd etilganidek, bunday ochiq muloqotlar yoshlarning fikrini tinglash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim va yoshlar siyosati yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Gulnoza boboyeva, O‘zA