Rahbar va mas’ul xodimlar qattiq ogohlantirildi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Aliyev mutasaddi rahbarlar ishtirokida Respublikamizning kriminogen vaziyati og‘ir deb baholangan 45 ta shahar va tumanlaridan biri Buxoro shahrida jinoyatlarni jilovlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan manzilli tadbirlarning 7 oylik yakunlarini muhokama qildi.
Unda Buxoro shahar hokimi va sektor rahbarlari, Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining barcha shaxsiy tarkibi, shaharning kriminogen vaziyati og‘ir, qizil toifaga kirgan mahallalariga ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlaridan biriktirilgan mas’ul xodimlar va boshqa mutasaddilar qatnashdi.

Yig‘ilishda shahar hududini jinoyatlardan xoli hududga aylantirish, qizil toifaga kirgan mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar, yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar yuzasidan mahallalarga biriktirilgan mas’ul rahbarlar, profilaktika inspektorlari va boshqa mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Mas’ullar tomonidan mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, qizil mahallalarni yashil toifaga o‘tkazish borasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar va takliflar birma-bir tahlil qilindi.
Shahar hududidagi 15 ta kriminogen vaziyati og‘ir qizil toifaga kirgan mahalla huquq-tartibot maskani profilaktika inspektorlari va ushbu mahallalarga biriktirilgan mas’ullarning amalga oshirgan ishlari tanqidiy ko‘rib chiqildi. 7 oylik ish natijalari bo‘yicha past ko‘rsatkich qayd etilgan mas’ullar va profilaktika inspektorlarining faoliyati qoniqarsiz deb baholandi.
Tanqidiy ruhdagi muhokama yig‘ilishida shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Jinoyat qidiruv, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Jamoat tartibini saqlash, Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlari, 1,2,3 va 4-son IIB rahbar va mas’ul xodimlari qattiq ogohlantirildi. Bir qator mas’ullarga nisbatan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash borasida qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilishda xodimlar, ayniqsa profilaktika inspektorlarining xizmat va turmush sharoitlarini yaxshilash borasidagi vazifalar ham muhokama qilindi. Eng avvalo mavjud muammoli masalalarni hal etish choralari belgilab olindi. 7 oylik ish natijalari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichga erishgan bir qator xodimlar viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tashakkurnomasi va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar yuzasidan barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan manzilli tadbirlar jamlangan “Yo‘l xarita”larini ishlab chiqib ijroga qaratish, ushbu mahallalarni yashil hududga aylantirish borasida topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilish yakunida boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev tomonidan Hay’at yig‘ilishida berilgan topshiriqlari birma-bir tushuntirib berildi. Ijro intizomiga qat’iy rioya qilish, huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, bu boradagi tezkor, profilaktik va tashkiliy tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va samarali tashkil etish, zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbus ko‘rsatib, hamkorlikda xizmatni tashkil etishlari ta’kidlandi.
Zarif Komilov, O‘zA