Rahbar qabuli – Xalq qabulxonasida
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasida Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Husan To‘xtayev yuridik va jismoniy shaxslar uchun navbatdagi qabulini o‘tkazdi.
Ikki soatlik qabul davomida o‘n nafardan ortiq fuqaro turli masalalar yuzasidan viloyat hokimi o‘rinbosariga murojaat qildi. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda qayd etilib, mas’ullar belgilandi.
Xalq qabulxonalarining yangicha ish tartibiga ko‘ra, ayni paytda mazkur muassasalarga hokimlar jamoatchilik asosida rahbarlik qilmoqda. Qabulxonada haftaning har bir kunida hokim va uning o‘rinbosarlari qabuli o‘tkazilishi belgilangan.
Xususan, Samarqand viloyati hokimi har hafta juma kuni 9.00 dan 11.00 ga qadar Xalq qabulxonasida qabul o‘tkazishi zarur. Viloyat rahbarining o‘tgan hafta o‘tkazilgan shunday qabuli qariyb besh soat davom etib, unda 30 dan ortiq murojaat qayd etilgan.
– Viloyat hokimiga asosan hududlar infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish, uy-joy ajratish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, kanalizatsiya tarmoqlarini tashkil etish hamda majburiy ijro byurosi faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlar tushdi, – deydi Prezidentning Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari Xurshid Ochilov. – Aksariyat murojaatlar qabul jarayonida hal etilgan bo‘lsa-da, o‘rganish talab qiladigan masalalar tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi. Ayrim masalalarni esa viloyat hokimining o‘zi joyiga chiqqan holda o‘rganishini ma’lum qilgandi. Jumladan, Samarqand shahridagi Sevali ota mahallasida yashovchi fuqarolarning Bog‘ishamol kanalidagi antisanitariya holati va suv to‘planishi bilan bog‘liq murojaati A.Boboyev boshchiligida tegishli mas’ullar bilan birga joyiga borib o‘rganildi. Natijada kanalning ushbu qismida suv to‘planishining oldini olish va aholi uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha qisqa muddatda zarur choralarni ko‘rish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri