Rahbar ayollarning o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida yosh iqtidorli rahbar ayollar zaxirasidagi 50 nafar rahbar ayollarlarning o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, o‘quv mashg‘ulotlari 2 oy davom etadi va tinglovchilarga akademiyaning professor-o‘qituvchilari dars beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A. Bekmurodov tadbirni ochib, bu o‘quv kurslarining ahamiyati haqida qisqacha ma’lumot berdi.

Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z. Mahkamova turli sohalarda fidoyilik bilan faoliyat yuritayotgan iqtidorli xotin-qizlar davlat boshqaruvi uchun nihoyatda muhimligi haqida to‘xtaldi.
Rahbar ayol adolatli, ma’rifatparvar, salohiyatli va madaniyatli bo‘lishi davr talabi. Tinglovchilar xalqaro standartlar asosida Davlat boshqaruvi va xizmati, O‘zbekiston Respublikasining siyosiy tizimi va davlat boshqaruvining huquqiy asoslari, O‘zbekistonda xotin-qizlarga oid davlat siyosati, loyihaviy boshqaruv, natijadorlikka yo‘naltiruvchi boshqaruv kabi modullar asosida tahsil olishadi.
Fanlararo modullar bo‘yicha ta’lim berish jarayoniga va kompetensiyalarni rivojlantirishga qaratilgan treninglarga tegishli sohalar bo‘yicha xorijda malaka oshirgan yetuk olimlar bilan birga amaliyotchi mutaxassislar jalb etiladi.
O‘zA