Radioaktiv chiqindilarga oid munosabatlar tartibga solinadi
Bugungi kunda sanoat, tibbiyot, fan va boshqa tarmoqlar rivojlangani sari ushbu yo‘nalishlar faoliyati natijasida hosil bo‘ladigan radioaktiv chiqindilar ham ortib boradi.
Bu esa ushbu turdagi chiqindilarni tashish, saqlash, qayta ishlash va ko‘mish kabi jarayonlarni, umuman sohaga oid munosabatlarni tartibga solishda huquqiy asoslarni mustahkamlashni taqozo etadi.
Ayni shu masalalarga qaratilgan “Radioaktiv chiqindilar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasida hozirgi va kelajak avlodlar manfaatlarini ko‘zlagan holda aholining hayotini, sog‘lig‘ini va mol-mulkini hamda atrof-muhitni radioaktiv chiqindilarning salbiy ta’siridan muhofaza qilish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organning va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining hamda ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarning mazkur sohadagi javobgarligi va vazifalari belgilanmoqda.

Bundan tashqari, radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarning qarorlar qabul qilish va o‘z vakolatlarini amalga oshirish borasidagi mustaqilligi kabi masalalar inobatga olingan.
Radioaktiv chiqindilarni davlat tomonidan hisobga olish, radiatsiyaviy va ekologik holatni monitoring qilish, tegishli ob’ektlar xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolar va jamoat tashkilotlarining axborot olish huquqlarini kafolatlashga alohida e’tibor qaratilgan.
M.Komilova,
O‘zA