Radiatsiya xavfiga qarshi hamjihatlikda kurash olib boriladi
Tinchlik — bu faqat urushning yo‘qligi emas. Tinchlik, avvalo, inson hayoti va salomatligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday xavfning oldini olishga qodir tizimning mavjudligidir. Bugun dunyoda xavfsizlik tushunchasi tobora kengayib borayotgan bir sharoitda radiatsiya va yadroviy xavfsizlik masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Zero, ko‘zga ko‘rinmaydigan radiatsiyaning oqibati nihoyatda jiddiy bo‘lishi, radioaktiv materiallarning noqonuniy muomalasi esa nafaqat alohida inson, balki butun jamiyat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin. Shu bois bunday xavflarni barvaqt aniqlash, ularga tezkor va to‘g‘ri javob qaytarish, mas’ul idoralar o‘rtasida aniq hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zamonaviy xavfsizlik tizimining muhim shartlaridan biridir. Ana shunday mas’uliyatli vazifalarga bag‘ishlangan 4 kunlik o‘quv kursi Buxoroda o‘z ishini boshladi. Mazkur muhim tadbir O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari Energetika vazirligi hamkorligida tashkil etilmoqda. Unda sohaning turli yo‘nalishlariga mas’ul bo‘lgan 11 ta vazirlik va idora vakillari ishtirok etmoqda. Bu esa o‘quv kursining oddiy nazariy mashg‘ulot emas, balki mamlakatda radiatsiya va yadroviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim amaliy platforma ekanini ko‘rsatadi.
Tadbirning ochilish marosimida AQSH Energetika vazirligi vakillari Sh.Xefernan, A.Bekerra, P.Kolbas so‘zga chiqdi. Bojxona qo‘mitasi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Sh. Mo‘minov amerikalik mutaxassislarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, ularning xalqaro tajriba va amaliy bilimlarini o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan o‘rtoqlashayotgani uchun tashakkur aytdi.
Aslida bu kabi hamkorlikning ahamiyatini birgina tadbir doirasi bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Chunki yadroviy va radiatsion xavflar chegara bilmaydi. Bir mamlakatda yuzaga kelgan xavfning oqibati qisqa vaqt ichida boshqa hududlarga ham ta’sir qilishi mumkin. Shu ma’noda, xalqaro tajribani o‘rganish, zamonaviy aniqlash texnologiyalari va tezkor harakat mexanizmlarini o‘zlashtirish, mas’ul xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish — bugungi kunning kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalaridan biridir.


O‘quv kursi davomida asosiy e’tibor radiatsiya va yadroviy xavflarni aniqlash, ularga tezkor javob qaytarish bo‘yicha idoralararo hamkorlikni kuchaytirishga qaratiladi. Shuningdek, mas’ul tuzilmalarning amaliy salohiyatini oshirish, radioaktiv materiallarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish, xavfli holatlarda aniq va muvofiqlashtirilgan harakatlarni ta’minlash masalalari muhokama qilinadi. Ayniqsa, amaliy mashg‘ulotlarga alohida e’tibor qaratilishi muhim. Chunki favqulodda vaziyatda har bir soniya qimmat. Bunday paytda kim birinchi harakat qiladi, qaysi idora qanday vazifani bajaradi, axborot kimga va qanday tartibda yetkaziladi, xavf manbasi qanday aniqlanadi — bularning barchasi oldindan puxta ishlab chiqilgan mexanizmni talab etadi. Shu sababli kurs ishtirokchilari idoralararo tezkor harakatlar rejasini ishlab chiqish, favqulodda holatlarda hamkorlik qilish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarga muvofiq harakatlanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlaydilar. Ayniqsa, bu bojxona xodimlari uchun juda muhimdir. Chunki mamlakat chegaralari orqali harakatlanayotgan tovarlar, yuklar va boshqa ob’ektlar ustidan samarali nazorat o‘rnatish radioaktiv materiallarning noqonuniy olib kirilishi yoki olib chiqilishiga yo‘l qo‘ymaslikda muhim o‘rin tutadi.
Bugun O‘zbekistonda inson qadri, uning hayoti va salomatligini muhofaza qilish, mamlakat xavfsizligini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali chora-tadbirlarni kuchaytirish, davlat organlarining kasbiy va texnik salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Buxoroda o‘tkazilayotgan mazkur o‘quv kursi ham ana shu keng ko‘lamli siyosatning amaliy ifodalaridan biridir. Chunki bu yerda gap faqat radioaktiv moddalarni aniqlash yoki ularning noqonuniy harakatiga chek qo‘yish haqida emas. Gap — inson hayotini asrash, kelajak avlod salomatligini muhofaza qilish, mamlakat xavfsizligini yangi tahdidlardan himoya qilish haqida ketmoqda. Mazkur kursning yana bir ahamiyatli jihati — O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarda rivojlanayotganidir.
AQSH Energetika vazirligi mutaxassislarining Buxoroga tashrifi doirasida xalqaro tajriba, ilg‘or yondashuvlar va zamonaviy xavfsizlik mexanizmlari o‘rganilmoqda. Eng muhimi, xorijiy tajriba tayyor qolip sifatida emas, balki mamlakatimiz sharoitiga moslashtirilgan holda amaliyotga tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda. Eslatish joizki, mazkur o‘quv kursi Bojxona qo‘mitasi raisining AQSHga amaliy tashrifi doirasida AQSH Energetika vaziri bilan imzolangan hamkorlikdagi tadbirlar rejasi asosida tashkil etilmoqda. Bu esa xalqaro kelishuvlarning qog‘ozda qolib ketmayotgani, ular aniq maqsad va amaliy natijaga yo‘naltirilayotganidan dalolat beradi.
Bugungi dunyoda xavfsizlikni ta’minlashning eng samarali yo‘li — xavf yuzaga kelganidan keyin unga qarshi kurashish emas, balki uni oldindan ko‘ra bilish va bartaraf etishdir.
Radiatsiya ham ana shunday ko‘zga ko‘rinmas, ammo oqibati o‘ta jiddiy bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdidlardan biri. Shuning uchun bu sohada har bir mutaxassisning bilimi, har bir qurilmaning ishonchliligi, har bir idoraning harakati va eng muhimi, ular o‘rtasidagi hamjihatlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. O‘quv kursi ana shu maqsadga xizmat qiladi. Bu yerda o‘rganilayotgan har bir bilim, bajarilayotgan har bir amaliy mashq, ishlab chiqilayotgan har bir harakat rejasi ertaga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri