Quyuv-prokatlash majmuasi hisobiga 1,5 milliard dollarlik mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati yaratilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Iqtisodiyot yangi texnologik rivojlanish bosqichiga o‘tayotgani sababli barcha tarmoqlarda yangi turdagi metall mahsulotlariga talab ortib bormoqda.
Shu bois, metall mahsulotlari assortimentini ko‘paytirish uchun yirik kombinatlar va xususiy korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Birgina choksiz quvurga mamlakatimizda 280 million dollarlik talab bor. Asosiy savdo hamkorlarimiz ham yiliga 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, shundan 170 million dollarlik qismini eksportga yo‘naltirish mumkin.
Bugun ishga tushirilgan Quyuv-prokatlash majmuasi hisobiga avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikalari, qurilish materiallari sohalarida 1,5 milliard dollarlik mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.
Mutasaddilarga uch oyda choksiz quvur, sovuq prokat, metalni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlab, ishni boshlash topshirildi.
O‘zA