Quyonchilik daromadli biznesmi?
Bahor nafasi sezilayotgan shu kunlarda tomorqa ahlini bezovta qilib, eshik qoqqanlar soni ortmoqda.
Bahor nafasi sezilayotgan shu kunlarda tomorqa ahlini bezovta qilib, eshik qoqqanlar soni ortmoqda. Biri kredit taklif qilsa, yana biri tadbirkorlikni boshlamoqchi yoki ish faoliyatini kengaytirmoqchi boʻlganlarga tushuntirish bermoqda.
Aholining asosiy qismi qishloqlarimizda yashayotgani ham hech birimizga sir emas. Shu bois asosiy takliflar dehqonchilik, chorvachilik, tomorqachilikni rivojlantirishga qaratilmoqda. Shuningdek, quyonchilik ham ancha serdaromad soha ekan targʻib etilmoqda. Ayni kunlarda Toshkent viloyat Oʻrta Chirchiq tumanida “Vladimir quyonlari” oilaviy korxonasida goʻshtdor quyonlarni koʻpaytirish ishlari boshlab yuborildi.
– Bu loyihada ikki milliard soʻmga 2,5 mingta quyonni bir yilga yetadigan ozuqasi bilan xarid qilish koʻzda tutilgan, – deydi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Ilyos Yetkirov. – Mingtasi oilaviy korxonada qoladi, qolgani esa tomorqa egalariga beriladi. Shu tariqa aholining daromadi oshadi. Kengroq tushuntiradigan boʻlsak, bir yilda bitta quyondan 50-60 bola olinishi hisobiga ikki yarim mingta teri va 500 tonna goʻsht tayyorlanadi.
Xonadonlarga beriladigan bir yarim ming dona quyonga sarflanadigan xarajat va foydani hisob-kitob qilib koʻrdik. Bunda har bir xonadonga 10 dona bir oylik quyonlar kerakli miqdordagi ozuqasi bilan beriladi. Shunda har bir quyonga bir yillik xarajat olti yuz ming, oʻntaga esa olti million boʻlar ekan. Koʻriladigan foyda esa 45 million. Shu tariqa 1500 ta quyondan 9 milliard daromad qilish mumkin ekan. Ajoyib, bunday imkoniyatdan voz kechib boʻlmaydi. Shu bois ham bu ishni boshlamoqchi boʻlganlar soni kundan-kunga ortib bormoqda.
Nega bir oylik quyonlar beriladi?
Quyonlar tez kasallanishi mumkin. Buning oldini olish uchun quyon bolasi tugʻilganidan bir oy oʻtib, maxsus vosita yordamida emlanadi va soʻng tarqatiladi. Ularni oziqlantirish tartibi ham oʻrgatiladi. Xususan, maxsus retsept bilan tayyorlanadigan ozuqa va tabiiy mahsulotlardan faqat sabzi beriladi. Shu tarzda ortiqcha mehnat va ozuqa talab etilmaydi. Sababi, maxsus ozuqa quyonlarning yaxshi rivojlanishi uchun zaruriy barcha modda, minerallar bilan toʻyintirilgan boʻladi.
Qayd etish kerakki, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi 240 dan ortiq “Tomorqa xizmati”ning hammasida quyonchilik xizmati joriy etiladi.