Quyi palataning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda moderatorlik qilgan Spiker o‘rinbosari R.Hakimov dastlab Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan o‘tkazgan uchrashuvi xususida to‘xtalib o‘tdi.
— Davlatimiz rahbari uchrashuvda shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalarining erishgan yutuqlari O‘zbekistonda sportga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy natijasi, o‘zbek shaxmatining yangi darajasi ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, uchrashuv davomida davlatimiz rahbari yurtimizda sportni, xususan, shaxmatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator ustuvor maqsad va vazifalarni belgilab berdilar. Xususan, yangi O‘zbekistonni nafaqat Olimpiada chempioni, balki dunyo shaxmat markaziga aylantirish, shu maqsadda har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishga sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.
Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish bo‘yicha alohida tizim tashkil etilishi, Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘ona mintaqaviy filiallarini ochish, oliy toifali murabbiylar tayyorlash kabi vazifalar qo‘yildi. Shuningdek, “Uzbekistan Grand Chess” yillik brendi ostida xalqaro turnirlarning muntazam o‘tkazib borilishi, Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali hamda bino va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat klubi tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuvda shaxmat va parashaxmat olimpiadalari g‘olib va sovrindorlarini, ularning murabbiylarini rag‘batlantirish to‘g‘risida qabul qilingan qarorga muvofiq, chempionlarga uy-joy, avtomobil hamda pul mukofotlari Prezidentimizning shaxsan o‘zlari tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Bu – davlatimiz rahbarining sport sohasiga qaratayotgan yuksak e’tibori hamda sportchilarning ushbu g‘alabasiga berilgan munosib baho, ularning kelgusi yutuqlariga bildirilgan katta ishonchidir, — dedi R.Hakimov.
Shuningdek Spiker o‘rinbosari, 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bugun davlatimiz rahbari “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazgani, unda ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh xodimlar davlatimizning faxriy unvonlari, yuksak orden va medallari bilan mukofotlanganiga urg‘u berdi. Ta’lim tizimidagi islohotlar, bu jarayonda parlamentning o‘rni haqida to‘xtaldi.
M.Komilova,
O‘zA