Quyi Chirchiqlik yoshlar referendumda faol qatnashadi
Quyi Chirchiq tumanidagi “TCT Cluster” ko‘p tarmoqli klasteri tomonidan bunyod etilayotgan “Tashkent Cotton Textile” zamonaviy to‘qimachilik fabrikasi “O‘zbekiston – yoshlar mamlakati” shiori ostida o‘tkazilayotgan yoshlar sayllari doirasidagi konsert dasturiga mezbonlik qildi.
Dastlab Toshkent viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi va klaster hamkorligida tashkil etilgan "Yashil makonni birga quramiz" shiori ostida 40 sotix maydonga manzarali buta va daraxt ko‘chatlari ekildi. Unda viloyat faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hudud yoshlari faol qatnashdi.

Shundan so‘ng asosiy tadbirlar boshlandi. Unda ishtirok etgan yoshlar “Seniki”, “Meniki", “Bizniki”, “Konstitutsiya — o‘zimizniki” shiori ostida rang-barang plakatlar va Davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tardi.
Tadbir ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, iqtisodiyot fanlari doktori, O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov yangilanayotgan Konstitutsiyamizning qator moddalarida yoshlar huquq-manfaatlari, ularning ta’lim va kasb-hunarga ega bo‘lishiga oid normalar aks etayotganligi, referendum o‘tkazish tartibi haqida so‘zlab berdi. Barchani Konstitutsiya islohotlarida faol bo‘lishga chaqirdi.

Ma’lumki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamalarida bildirilgan takliflar muhim ahamiyatga ega. Xususan, qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish, dam olish kabi huquqlarning kiritilishi fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytiradi. Oxirgi yillarda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida yuqori natijalarga erishayotgan Quyi Chirchiq tumanida ham bu sa’y-harakatlarga hamohang ishlar qilinyapti.
Hademay foydalanishga topshiriladigan mazkur yirik korxonada 5 ming nafarga yaqin aholi ish bilan ta’minlanadi. Ularning 95 foizi yoshlardir. Loyiha qiymati esa 140 million yevroga teng bo‘lib, tayyor to‘qimachilik va tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

“Tashkent Cotton Textile” MCHJ o‘zida ip yigiruv, bo‘yash, to‘qimachilik, pardozlash va tikuvchilik fabrikalarini birlashtiradi. Ushbu majmuada yiliga 20,6 ming tonna mato va 65 million dona tayyor to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning 80 foizi MDH hamda Yevropa davlatlariga eksportga yo‘naltiriladi.
Shu kunlarda fabrikada xorijiy davlatlardan olib kelingan so‘nggi rusumdagi ip yigirish dastgohlarini o‘rnatish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Tadbir davomida yoshlar zamonaviy fabrika haqida ham taassurotlarga ega bo‘ldi.
Targ‘ibot tadbirida so‘zga chiqqanlar barchani Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda faol bo‘lishga chaqirdi. Estrada xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

A.Musayev, O‘zA.