Quyi Amudaryoda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha yangi Konsepsiya qanday natija beradi?
“Eco Expo 2026” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Quyi Amudaryo havzasi uchun suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish rejasi (SRIHB) konsepsiyasi imzolandi. Ushbu hujjat iqlim o‘zgarishlari ta’siriga eng zaif hududlardan biri bo‘lgan Orolbo‘yida suv resurslarini yanada muvofiqlashtirilgan holda ilmiy asoslangan va barqaror boshqarish uchun zamin yaratadi.
Konsepsiya O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi tomonidan BMTning Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
Hujjatni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpulatov va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov imzoladilar.
Konsepsiyaning idoralararo darajada qabul qilinishiuning suv va qishloq xo‘jaligi, ekotizimlarni muhofaza qilish hamda Quyi Amudaryo hududini barqaror rivojlantirish bo‘yichamuvofiqlashgan yechimlarni ishlab chiqish uchun yagona platforma sifatidagi amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi.
– Orol fojiasi dunyodagi eng murakkab ekologik muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq, bugun fermerlar o‘zgaruvchan iqlimga moslashayotgani, mahalliy aholi esa ijobiy o‘zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanayotganini ishonch bilan ayta olamiz, – dedi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov. – Tajribamiz shuni ko‘rsatmoqdaki, iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligini va yer resurslarini barqaror boshqarish tizimini uyg‘un holda rivojlantirish mumkin. Bunday yondashuv bir vaqtning o‘zida degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va aholi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish imkonini beradi.
Konsepsiya suv va qishloq xo‘jaligi hamda ekologiyaga doir tarqoq chora-tadbirlardan suv resurslarini boshqarishni kompleks rejalashtirishga o‘tishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Hujjatda an’anaviy ma’muriy boshqarishdan gidrografik, ya’ni havza tamoyiliga o‘tishga urg‘u berilgan. Ushbu yondashuv barcha suvdan foydalanuvchilarning manfaatlari, tabiiy ekotizimlar holati, qishloq xo‘jaligi, kommunal soha, energetika, baliqchilik va mahalliy aholi ehtiyojlarini hisobga olish hamda iqlim va ekologiya bilan bog‘liq uzoq muddatlixavf-xatarlarni inobatga olgan holda qarorlar qabul qilish imkoniyatini yaratadi.
– Suv oziq-ovqat xavfsizligi, ekotizimlar holati, iqtisodiyot barqarorligi va odamlar farovonligini belgilaydigan muhim resursdir. Shu bois, suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Biz O‘zbekistonning Quyi Amudaryoda suv resurslarini boshqarishda havza yondashuvini ilgari surish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, Orolbo‘yini tiklash yo‘lidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga umid qilamiz, – dedi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Karman.
Konsepsiya suv resurslarini yanada tizimli baholash, har bir kub metr suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, resurslar uchun nizolar xavfini kamaytirish hamda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ehtiyojlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash imkonini beradigan amaliy vosita – SRIHB rejasini ishlab chiqishga zamin yaratadi.
Mazkur reja doirasida Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo va Mo‘ynoq tumanlari qamrab olinadi. Bunda mahalliy darajada suvga bo‘lgan talabni boshqarish, suv hisobini raqamlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda fermerlar va mahalliy aholini qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etish bo‘yicha amaliy yondashuvlar qo‘llaniladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA