Quvonch yoshlarimni yashirgim kelmadi
deydi Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining oltin medali sohibi Fazliddin G‘oibnazarov
deydi Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining oltin medali sohibi Fazliddin G‘oibnazarov– O‘g‘limizning Olimpiya o‘yinlaridagi kongolik bokschi Malonga Dzalamou bilan dastlabki jangini faqat oilamiz tomosha qilgan edik, – deydi Fazliddinning otasi Hasanboy aka. – O‘yindan o‘yinga uyimizga keluvchilar safi kengayib bordi. Final kechasi, ishonasizmi, butun Bekobod shahri biznikiga yig‘ildi-yov. Chinakam bayram bo‘ldi. Oilamizdagilarning telefoni jiringlayverib qizib ketdi. “SMS”larni-ku o‘qib ulgurmadik. Mana, qarang. To‘g‘risi, ularning aksariyatini tanimayman.
G‘oibnazarovlar xonadonida tunda boshlangan o‘yin-kulgu tongga borib haqiqiy bayramga aylandi. Karnay-surnay sadolari ostida odamlar bir-birini eshitmasa-da, yuz-ko‘zlarida zafar nashidasi ufurib turganidan tabriklayotgani seziladi. XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi O‘zbekiston sportchilarining g‘alabalari haqida bir-biriga navbat bermay gapiradi, yoshlar qo‘llarini baland ko‘tarib: “Biz hech kimdan kam emasmiz”!, “Balli, Fazliddin!”, deb hayqiradi.
– Fazliddinim bilan erta tongda telefonda gaplashdim, – deydi chempionning onasi Malohat opa. – Bolaginamning ko‘ngli bo‘sh-da, o‘zi. G‘alabadan keyin qanday yig‘laganini barcha ko‘rdi. Nega bunday qilding, bolam, desam, “Quvonch yoshlarini yashirma, xalqning ishonchini oqlash, Prezidentimiz yaratib berayotgan sharoit va imkoniyatlarga munosib bo‘lish eng ulug‘ baxt. Agar shunday qilsang, yig‘la, haqqing bor!” deb o‘zingiz aytgansiz-ku, ona, desa bo‘ladimi. Men ham qo‘shilib yig‘ladim. Bizga shunday xursandchilikdan yig‘lash, farzandlarimizning ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan yutuqlarga erishish baxtini mustaqillik berdi. Davlatimiz rahbari rahnamoligida yoshlarga ko‘rsatilayotgan otalarcha g‘amxo‘rlik samarasi bu.
Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi I.Ergashxo‘jaev viloyat faollari hamrohligida xonadon sohiblarini ushbu ulkan g‘alaba bilan qutladi. Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor tufayli shaharu qishloqlarimizda zamonaviy jihozlangan muhtasham sport majmualari qad rostlayotgani, ularda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar samarasi ekani alohida ta’kidlandi.
Mustaqillik tengdoshi bo‘lgan Fazliddin 12 yoshidan boshlab Bekobod shahridagi “Yoshlik” sport klubida murabbiy Abror Tursunpo‘latov rahbarligida boks sirlarini o‘rgandi. Dastlab shahar va viloyat birinchiliklarida ilk g‘alabalar nashidasini totgan bo‘lajak Olimpiada chempioni keyinchalik mamlakat va xalqaro miqyosdagi turli musobaqalarda muvaffaqiyatga erishdi. 2007-yili Ozarbayjonda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida sovrindorlar qatoridan joy olgani uning dastlabki yirik g‘alabasi bo‘ldi. Shundan so‘ng Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkazilgan yozgi Universiada, shuningdek, Osiyo chempionati, jahon chempionati kabi yirik musobaqalarda muntazam sovrindorlar qatorida bo‘ldi. London olimpiadasida chorak finalgacha borgan Fazliddin keyingi Olimpiadada albatta g‘olib bo‘lishga ahd qildi. Bu yil u o‘z so‘zining ustidan chiqdi – Olimpiada chempioni, degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldi.
Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Bekobod shahrida ham “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shoiri ostida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ularda kuni kecha nihoyasiga yetgan yozgi Olimpiya o‘yinlari va unda O‘zbekiston yoshlari ko‘rsatgan yuksak natijalar jahon ahlini hayratga solayotgani haqida to‘lqinlanib so‘zlashmoqda. Bu yoshlarimizning eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligiga munosib tuhfasi bo‘lgani ta’kidlanmoqda.