Quvasoyda yangi ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida ikkita yangi ishlab chiqarish korxonasi – “Fertex” mas’uliyati cheklangan jamiyatining etil spirti ishlab chiqarish hamda “Glass Expo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan oynaga ishlov berish va oyna mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari ishga tushirildi.
“Soybo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi kichik sanoat zonasida amalga oshirilgan oynaga ishlov berish va oyna mahsulotlarini qayta ishlash loyihasi qiymati 3 million dollar bo‘lib, asosan loyiha tashabbuskori Rustam Sultanovning o‘z mablag‘lari, shuningdek, xorijiy kredit liniyasi hisobidan moliyalashtirilgan. Yillik 54 milliard so‘mlik 300 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan korxonada jami 60 ta ish o‘rni yaratiladi. Korxonaga Germaniya, Italiya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy jihozlar o‘rnatilgan.
[gallery-13369]
Tadbirkor Mahammadjon Ismoilov rahbarligidagi “Fertex” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan etil spirti ishlab chiqarish loyihasining qiymati 3 million dollar bo‘lib, bug‘doydan yiliga 1,4 million litr spirt ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qariyb yarmi qo‘shni davlatlar hamda Rossiyaga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda. Yangi korxonada 75 doimiy ish o‘rni yaratilgan. “Pakana” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurib bitkazilgan jami 240 xonadondan iborat 8 ta 5 qavatli zamonaviy turar-joy binolari foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimlarida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov olgan suratlar