Quvalik ayollar doimiy ishga ega bo‘ldi
Farg‘ona viloyatida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish hamda ijtimoiy himoyasini yaxshilashga muhim e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida qariyb 24 mingga yaqin ayol ish bilan ta’minlandi. “Ayollar daftari” asosida ham ehtiyojmand xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlanib, ularga amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat Kengashi tashabbusi bilan viloyatda xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlikning oldini olish, mehnat bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hududlarda tadbirkorlar va ish beruvchilar bilan muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Quva tumani hokimligi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvga tumandagi ishlash istagini bildirgan 100 nafardan ziyod xotin-qiz taklif etildi. Ular tumanda faoliyat olib borayotgan “Altindag textile” korxonasidagi mavjud ish o‘rinlari, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Korxona faoliyati, ish jarayoni ma’qul bo‘lgan o‘nlab ayollar shu yerning o‘zida ishga qabul qilindi.
– Kasaba uyushmalari tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirkorlar va ish beruvchilar bilan muloqot uchrashuviga mahallamizdagi 8 nafar ishsiz xotin-qiz bilan keldik. Bugun ularning hammasi shu korxonada ishlash istagini bildirdi, –deydi “Qayirma” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Maktuba Abdulazizova.

–O‘zimga mos ish topganimdan xursandman.Ish sharoiti, maoshlari menga ma’qul bo‘ldi,–deydi Gulsanam Xoliqova.–Quvonganimdan ishga joylashganimni qo‘ni-qo‘shnilarimga aytgandim, ular ham shu yerda ishlashga qiziqib qoldi. Nasib qilsa, qo‘shnilarim bilan birga ishlaymiz.
Shu kuni tuman Hunarmandlar markazida ham tashkil etilgan muloqot uchrashuvida 40 nafar ayol ushbu markazga ishga joylashdi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri