Qurilish sohasida shaffoflik ta’minlanadi (+video)
Ma’lumotlarga ko‘ra yurtimizda qurilish sohasidagi korxonalar soni bugungi kunda 53 500taga yetgan. Lekin ularning barchasi ham yuqori darajada sifatni ta’minlab bera oladi deb aytolmaymiz. Shuning uchun bugungi kunda reyting tizimi joriy qilingan bo‘lib, fuqarolarimiz qurilish tashkiloti haqida axborot tizimi orqali keng ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi. Bu tizim qanday ishlaydi va uning afzalliklari nimada? Ushbu savollarga javob topish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Axborot kommunikatsiya-texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazi mutaxassislariga yuzlandik.
- Qurilish tashkilotlarining elektron reyting platformasi ishga tushirilgan, - deydi Axborot kommunikatsiya-texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazi bosh mutaxassisi Ahadjon Rahmatjonov. – Ushbu platforma manfaatdor vazirlik va idoralarning elektron ma’lumotlar bazasi integratsiya qilinishi natijasida inson omilisiz yuritiladi. Qurilish va pudrat tashkilotlarining reytinggi 4 turdagi sohaga bo‘lingan.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 29 yanvar kuni uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda tarmoq oldiga bir qator vazifalar yuklatilgandi. Xususan, tanqidiy ruxda o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari byudjet mablag‘larini samarali ishlatish, qurilishlar sifatini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratdi. Qurilishlarda talon-torojlik va o‘g‘rilik xolatlarini bartaraf etish maqsadida tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtirilishi, pudratchi tashkilot bajargan ishlar faqat soliq organiga taqdim etilgan elektron hisob-fakturadan kelib chiqib moliyalashtirilishi, inshootni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilib, dalolatnomalar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida tasdiqlanishi belgilandi. 10 milliard so‘mdan ortiq loyihalar bo‘yicha subpudratchilarni tanlash ham mazkur tizim orqali yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yilgandi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Loyiha ofisi tuzilib, qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori loyihalarni ishlab chiqish jarayonida ularning asosliligini, xavfsizlik va energiya tejamkorligini baholab borish vazifasi yuklatildi. Ijtimoiy muassasalar va kommunal ob’ektlar bo‘yicha namunaviy loyihalar ishlab chiqish ham ushbu ofis zimmasiga yuklatildi. Bundan buyon, loyiha ofisining tavsiyasi bo‘lmagan loyiha hujjatlari davlat ekspertizasiga qabul qilinmaydi.
Mutasaddilarga qurilish me’yorlarini xorijiy tajriba asosida yangilash, qurilish materiallari sohasida “yashirin iqtisodiyot”ga chek qo‘yish, bu borada elektron klassifikatorni ishga tushirish bo‘yicha aniq mexanizm yo‘lga qo‘yildi.
Yurtimiz bo‘ylab qurilish va bunedkorlik ishlari avjida ekanligi hech kimga sir emas. Hozirgi axborot kommunikatsiya asrida, raqamlashgan ilovalar, zamonaviy gadjetlar davrida, qurilish va uy joy kommunal sohasida o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Bu o‘zgarishlar ayniqsa Prezidentimizning “Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng yangi bosqichga chiqdi.
Bugungi kunda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi negizida ko‘plab platformalar ishga tushirildi va bu tizimdan har bir fuqaro foydalanishi mumkin.
Qurilish tarmog‘ini raqamlashtirish ishlariga tizimli yondashgan markaz kommunal sohada ham, ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish bo‘yicha ham shaffoflikni taminlashga qaratilgan kompleks loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/2C6h-Rh8H84?si=dEn96EkSIG0l96o9" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev(video), O‘zA