Qurilish sohasi: amaliyot, muammo va yechim
Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari hamda qurilish sohasidagi qonunchilik ijrosidan kelib chiqib o‘tkazilgan tahlil va o‘rganishlar viloyatda qurilish ishlarini amalga oshirish va bevosita nazoratini tashkil etishda ayrim kamchilik va muammolar mavjudligini ko‘rsatgan.
Xususan, o‘rganishlarda loyiha-qidiruv tashkilotlari bilan mualliflik nazorati shartnomalari to‘liq tuzilmaganligi, ayrim ob’ektlarga texnik nazoratchilar biriktirilmaganligi, texnik nazorat xodimlarining malakasini oshirish choralari ko‘rilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Viloyatda ro‘yxatga olingan jami 531 ta ob’ektning davlat sektoridagi 6 tasida, xususiy sektordagi 207 tasida loyiha-qidiruv tashkilotlari bilan mualliflik nazorati shartnomalari tuzilmasdan qurilishlar amalga oshirilayotganligi aniqlangan.

“Qurilishda mualliflik va texnik nazorati to‘g‘risida”gi nizom talablari asosida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilayotgan ob’ektlarning 273 tasiga, shu jumladan, 268 ta xususiy sektor ob’ektlariga texnik nazoratchilar biriktirilmagan. Buyurtmachi tashkilotlarning aksariyatida texnik nazorat xodimlari malaka oshirish kurslarida maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilishi, bilimlari tekshirilishi va tegishli guvohnoma berilishi kabi talablar bajarilmagan.
Xususiy sektordagi ob’ektlar qurilishiga texnik nazoratchini jalb etish bo‘yicha mustaqil yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish amaliyoti to‘liq shakllanmagan. Mavjud muammolarni bartaraf etish hamda sohada qonun buzilish holatlarini oldini olish maqsadida Farg‘ona viloyati prokurorining topshirig‘i asosida Bag‘dod tumani “Muruvvat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi qurilish ob’ektlari joylashgan hududda ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Unda viloyat hududidagi arxitektura, qurilish nazorat, loyiha tashkilotlari vakillari, texnik nazoratchilar, tuman-shahar prokurorlarining soha bo‘yicha yordamchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Nazorat sifatini oshirish maqsadida viloyat prokuraturasining taklifi asosida qurilish ob’ektlarida faoliyat olib boruvchi mualliflik nazorati va texnik nazorat xodimlarga maxsus ish formasi joriy etildi. Farg‘ona politexnika instituti bilan hamkorlikda 40 soatga mo‘ljallangan “Qurilishda mualliflik va texnik nazorat” o‘quv kursi dasturi ishlab chiqilib, soha xodimlarini malakasini oshirish yo‘lga qo‘yildi.
M. Sulaymonov, O‘zA