Qurilish-ekspertiza sifati yanada yaxshilanadi
Sirdaryo viloyatida zamonaviy qurilish-ekspertiza laboratoriyasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida o‘tkazilgan muzokaralarda shu haqida so‘z bordi.
Mazkur tashabbus Prezidentimizning 2025 yil 1 iyuldagi “Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyatida ta’lim tizimi samaradorligini oshirish va ilmiy tadqiqotlarning amaliyot bilan integratsiyasini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshiriladi.

Laboratoriya hududda qurilish sifatini samarali nazorat qilish, texnik ekspertiza salohiyatini rivojlantirish hamda sohada yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali direktori Zafar Hakimov, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rektori Bahrom To‘laganov, Xitoy Xalq Respublikasining bir qator yetakchi investorlari, shuningdek, tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Muzokaralar chog‘ida laboratoriyani ilmiy-texnik jihozlar bilan ta’minlash, xorijiy sarmoyalarni jalb etish, loyihaning hududiy ahamiyati va amaliy jihatlari keng muhokama etildi. Shuningdek, qurilish jarayonlarida sifatni oshirish, shaffoflikni ta’minlash va yangi texnologiyalarni amaliyotda sinovdan o‘tkazish kabi vazifalar haqida fikr almashildi.

Yig‘in yakunida tomonlar laboratoriya loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish va xalqaro hamkorlik doirasida qo‘shma faoliyatni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
– Agar loyiha amalga oshsa, u Sirdaryo viloyatida qurilish sohasida ilk bor yuqori texnologiyalar asosida xalqaro standartlarga javob beradigan ekspertiza markazi sifatida faoliyat yuritadi, – Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali direktori Zafar Hakimov.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri