Qurg‘oqchil hududlarni yashillashtirishda yapon mutaxassislari jalb etiladi
Global ekologik fond (GEF)ning VIII Assambleyasi doirasida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish hamda o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjat imzolandi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi direktori Erkin Muhiddinov hamda Yaponiyaning Sanoat, ma’naviy va madaniy taraqqiyot tashkiloti (OISCA) ijrochi vitse-prezidenti Nagaisi Yasuaki o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yashil hududlarni kengaytirish, cho‘llanish jarayonlarining oldini olish va iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlarini yumshatish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida ma’lumot berildi. Xususan, yangi o‘rmonzorlar barpo etish va mavjud o‘rmon fondlarini muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat mamlakatimizda yangi o‘rmonlar barpo etish, ularni muhofaza qilish hamda o‘rmon resurslaridan barqaror foydalanish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Memorandum doirasida Yaponiya mutaxassislari bilan hamkorlikda respublikaning qurg‘oqchil va degradatsiyaga uchragan hududlarida cho‘llanishning oldini olish, atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida “yashil qoplamalar” tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish va noyob daraxt turlari urug‘larini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Tomonlar o‘rmon xo‘jaligi sohasida ilmiy tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda seminar, trening, o‘quv kurslari va forumlarni birgalikda tashkil etish masalalarida ham kelishuvga erishdi.
Mazkur memorandum O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish va cho‘llanishga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA