Qurbon hayitini uylarimizda nishonlaymiz
Haj oyi hisoblanmish Zulhijja ham boshlanib, yana ikki kundan soʻng butun Islom olamida Qurbon hayiti katta bayram qilinadi.
Haj oyi hisoblanmish Zulhijja ham boshlanib, yana ikki kundan soʻng butun Islom olamida Qurbon hayiti katta bayram qilinadi. Yurtimizda bayramlar koʻp: har birining oʻz tarovati, shukuhi va qadri bor. Illo, diniy bayramlar – Ramazon va Qurbon hayitining sururi oʻzgacha. Ayniqsa, bu qutlugʻ sanalarda xalqimizga xos mehr-shafqat, saxovat va muruvvat, qanoat va shukronalik tuygʻulari yana-da joʻsh uradi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 24-iyulda eʼlon qilingan “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida bayramni uylarimizda karantin qoidalariga rioya qilgan holda, milliy anʼana va urf-odatlarimizga mos ravishda oʻtkazamiz. Ushbu marosim mohiyatida mujassam boʻlgan insoniylik fazilatlarini farzandlarimiz ongu shuuriga singdirishdek ezgu gʻoyalarni targʻib etishga jiddiy eʼtibor qaratamiz, inshoalloh.
Hayit kunlari qilinadigan yana bir vazifa – mehrga tashna insonlarga bayram kayfiyati ulashish, ularni xushnud qilishdir. Ayniqsa, shifoxonalarda yotgan bemorlarni gʻoyibona boʻlsada, tezroq sogʻayishlarini tilab duolar qilish zarur.
Bugun butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham koronavirusga qarshi kurash olib borilyapti. Koʻzga koʻrinmas ofat bizning imkoniyatlarimizni cheklayotgan boʻlishi, uylarimizda qolishga majbur qilayotgan boʻlishi mumkin. Lekin aslo xayrli amallarimizga, duolarimizga toʻsiq boʻla olmaydi.
Bugungi fayzli, shukuhli kunlarda, ulugʻ ayyomlarda xalqimiz, nuroniy otaxonlarimiz Yaratganga har qachongidan ham koʻproq duoyu iltijolar qilishib, el-yurtimiz boshiga tushgan bu balo tezroq daf boʻlishini, sogʻliq, tinchlik va ofiyat barqaror boʻlishini soʻrashmoqda.
Qurbonlik – savobi ulugʻ ibodat. Ibrohim alayhissalom davridan beri har yili butun Islom olamida ushbu ibodat keng nishonlab kelinadi. Bu ibodat “Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz oʻqing va (tuya) soʻyib qurbonlik qiling!” (Kavsar surasi, 2-)oyati karimasi bilan Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam shariatiga ham joriy etilgan.
Nabiy alayhissalom: “Kimki xursandchilik bilan savob umidida qurbonlik qilsa, qurbonlik u uchun doʻzaxdan parda boʻladi” (Imom Tabaroniy rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Boshqa bir hadisda esa: “Hech bir kun va unda qilingan birorta amal Allohning nazdida Zulhijja oyining oʻn kunida qilingandan buyukroq va Unga mahbubroq emas. Bas, bu kunlarda tahlil, tasbeh, takbir va tahmidni koʻp ayting”, deyilgan (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shuningdek, bu ayyomlarda imkoni yetgan kishilar qurbonlik qilishlari eng afzal ibodatdir. Alloh taolo Qurbon hayiti kuni bizlarni hayit namozini oʻqishga, qurbi yetgan kishilarni esa qurbonlik qilishga buyurgan.
Qurbonlik diniy ibodat boʻlishi bilan birga uning axloqiy-ijtimoiy ahamiyati ham beqiyosdir. Qurbonlik tufayli dinimizda oʻzaro ijtimoiy yordamning, koʻmakning ahamiyati yaqqol namoyon boʻladi. Ehtiyojmand oilalarga qurbonlik goʻshtlari tarqatiladi.
Salama ibn Akvaʼ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim qurbonlik qilsa, uchinchi kundan keyin uyidan undan biror narsa boʻlgan holida tong ottirmasin”, dedilar. Kelasi yili boʻlganda: “Ey, Allohning Rasuli, oʻtgan yili qilganimizdek qilaylikmi?” deyildi. U zot: “Yenglar! Taomlantiringlar! Saqlab qoʻyinglar! U yili odamlar qiyinchilikda edilar. Ularga yordam berishingizni xohlagan edim”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ulamolarimiz ushbu hadisi sharifga asoslanib, odatiy holatlarda qurbonlikning goʻshtini uchga boʻlib, bir qismini oʻzi yeyishi, ikkinchi qismini kambagʻallarga berishi, uchinchi qismini saqlab qoʻyish yaxshi, deydilar. Muhtojlar koʻpayganda esa, ularning rioyasini qilish zarur.
Koʻpchilikni bir savol qiziqtirishi tabiiy. U ham boʻlsa, bu yilgi karantin sharoitida Qurbon hayiti namozi oʻqiladimi?
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisidagi Bayonoti qabul qilindi. Unga koʻra, shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Hayit namozi vojib amal boʻlgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozini ado etish soqit boʻladi.
Islom dini manbalarida Qurbon hayiti namozi vojib amal ekani bayon etilgan. Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan juma namozi vojib boʻlgan kishilarga hayit namozi vojib ekani naql qilingan. Juma namozi Qurʼon, sunnat, ijmo kabi qatʼiy dalillar bilan sobit boʻlgan farz amaldir. Modomiki muayyan uzrlar bilan farz boʻlgan juma namozini vaqtincha toʻxtatib turish toʻgʻrisida ulamolar fatvosi qabul qilingan ekan, vojib amal boʻlgan hayit namozini oʻqimaslik ham oʻz-oʻzidan maʼlum boʻladi. Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020-yilgi Qurbon hayiti (Iydul adho) namozini pandemiya davrida jamoat boʻlib oʻqish imkoniyati mavjud emasligi, moʻmin-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.
Hanafiy mazhabining moʻtabar manbalarida kelishicha, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining oʻrniga qoʻyilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli oʻqilmay qolsa, ikki yoki toʻrt rakat nafl namoz oʻqish mustahab boʻladi. Toʻrt rakat oʻqigan afzal.
Shunday ekan, Qurbon hayiti kunlarida savob ishlarni koʻpaytirish, takbiri tashriq aytish, nafl ibodat qilish, poklanish, chiroyli kiyimlar kiyish, xushboʻylanish, qurbonlik qilish, yaqinlariga hadyalar ulashish ayni savobli ishlardan boʻladi.
Bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani inobatga olib, odamlar jamlanishiga sabab boʻladigan urf-odatlarni tashkil etmaslik, uyma-uy yurib, turli azaxonliklar, maʼraka-marosimlarni oʻtkazmaslikni soʻraymiz.
Azizlar, pandemiya sharoitidan kelib chiqib, marhumlarning haqlariga oila davrasida xayrli duolar qilsak, shariatimiz qonun-qoidalari hamda karantin talablariga rioya etgan boʻlamiz. Chunonchi, hadisi sharifda: “Zarar berish ham, zarar koʻrish ham yoʻq” (Imom Ibn Moja rivoyati), deyilgan.
Qabristonlarga borib, ham oʻzimizning, ham boshqalarning hayotini xavf ostiga qoʻygandan koʻra, uylarimizda, oila davrasida oʻtganlar ruhiga Qurʼon tilovat qilaylik! Zero, dinimizda zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qoʻyiladi.
Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi