Qur’aga bir kun qoldi: Ertaga “JCH–2026”dagi raqiblarimiz aniq bo‘ladi
5 dekabr kuni FIFA tomonidan 2026 yilgi Jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi o‘tkaziladi.
Mamlakatimiz vaqti bilan soat 22:00 da Vashington shahrida tashkil etiladigan mazkur yirik tadbirda ishtirok etadigan boshlovchilar va san’atkorlar ro‘yxati e’lon qilindi. Unga ko‘ra, marosimni supermodel Xaydi Klum, taniqli komik aktyor Kevin Xart hamda aktyor Denni Ramires olib boradi.

Shuningdek, marosimning badiiy qismida jahon estradasining taniqli san’atkorlari — italiyalik mashhur tenor Andrea Bochelli, britaniyalik pop-yulduz Robbi Uilyams va xonanda Nikol Sherzinger o‘z chiqishlari bilan ishtirokchilarga bayramona ruh ulashadi. Afsonaviy “Village People” guruhi ham tadbirda ishtirok etib, mashhur “Y.M.C.A.” qo‘shig‘ini ijro etishi kutilmoqda.

E’tiborli jihati, ushbu nufuzli tadbirda O‘FA rahbariyati, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro, murabbiylar shtabi hamda FIFA tomonidan maxsus taklif etilgan o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov ham qatnashadi.
48 ta terma jamoa ishtirok etadigan mundial qur’asi uchun savatlar quyidagicha taqsimlangan:
1-savat: Kanada, Meksika, AQSH, Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Braziliya, Portugaliya, Gollandiya, Belgiya, Germaniya.
2-savat: Xorvatiya, Marokash, Kolumbiya, Urugvay, Shveysariya, Yaponiya, Senegal, Eron, Janubiy Koreya, Avstriya, Ekvador, Avstraliya.
3-savat: Norvegiya, Panama, Misr, Jazoir, Paragvay, Tunis, Shotlandiya, Kot-d’Ivuar, Qatar, O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika.
4-savat: Iordaniya, Kabo-Verde, Gana, Kyurasao, Gaiti, Yangi Zelandiya, UEFA vakili 1, UEFA vakili 2, UEFA vakili 3, UEFA vakili 4, pley-off 1, pley-off 2.
Ma’lumot uchun, 2022 yil Qatarda o‘tkazilgan jahon chempionatida Argentina terma jamoasi g‘olib chiqqan bo‘lsa, Fransiya termasi esa vitse-chempion bo‘lgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA