Qumqo‘rg‘onlik qum kushandasi ushlandi
Surxondaryo viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ekopolitsiya xodimlari joylarda tezkor reyd tadbirlari o‘tkazib, tabiat zararkunandalariga tegishli chora ko‘rmoqda.
Ana shunday tadbirlardan birida tevarak-atrof qo‘riqchilari Qumqo‘rg‘on tumanidagi Xalqobod mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Surxon” daryosi o‘zanidan o‘zboshimchalik bilan qum-shag‘al qazib olinayotganiga duch keldi. Tumandagi Xurkakqishloq mahallasida yashovchi Mavlon Ochilov (ism-sharif o‘zgartirildi) atrofga bamaylixotir zarar yetkazayotganida qo‘lga olindi.


Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasiga muvofiq tabiatga yetkazilgan zarar uchun 6 million 510 ming so‘m va 12 million 360 ming so‘m ma’muriy jarima jazosi qo‘llanildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri