Qulquduqlik yosh tadbirkorlar
Ularning 28 nafari chekka ovul aholisi boʻlib, 164 million soʻm kredit evaziga ular chorvachilikni yoʻlga qoʻygan.
Har bir oilaning tadbirkorlik bilan shugʻullanishi va barqaror daromad manbaiga ega boʻlishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi ijrosi doirasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Navoiy viloyati Uchquduq tumanida ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda “Mikrokreditbank” Uchquduq bank xizmatlari markazi tomonidan dastur doirasida 42 nafar fuqarolarga 572 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻi ajratildi.
Ularning 28 nafari chekka ovul aholisi boʻlib, 164 million soʻm kredit evaziga ular chorvachilikni yoʻlga qoʻygan.
Qulquduq ovulida ham dastur doirasida 8 ta oilaning har biriga 6 million soʻmdan imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu mablagʻ evaziga ovulning yosh oilalari va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolari 6 tadan ona-bola echki xarid qildi.

– Echki yilida ikki marta bolalaydi, tez koʻpayadi, shuning uchun ham “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi asosida imtiyozli kredit olib 6 ta ona-bola echki oldim, – deydi Simbat Suleymenova. – Mana, echkilarni ikki mahal sogʻib, farzandlarim uchun sut, qatiq va boshqa mahsulotlar tayyorlayman.
– Bu jonivorning ajoyib xususiyatlaridan biri shuki, u har qanday iqlimga tez moslashadi. Ozuqa tanlamaydi. Qisqa muddatda semiradi. Bolalari boshqa hayvonlarnikiga qaraganda oʻzini ancha erta oʻnglab oladi. Iqlimning oʻzgarishiga, deylik kunning juda isib ketishi yoki erta sovuq tushishiga moslashuvchanligi ham yaxshi. Parvarishi kamxarj boʻlib, alohida yemish yoki parvarish talab qilmaydi, – deya suhbatga qoʻshiladi Simbatning qaynonasi Aysha aya Qaypnazarova.

Aysha aya 70 yoshda, lekin bir zumga boʻlsa-da, boʻsh oʻtirmaydi. Doim nima bilandir mashgʻul onaxon tuman “Hunarmandlar” uyushmasi aʼzosi, koʻplab xalqaro festivallar, koʻrgazmalar ishtirokchisi.
Oʻn barmogʻidan hunar tomgan Aysha aya Qaypnazarova kelinlari, nevaralarini atrofiga yigʻib, milliy hunarmandchilik sir-asrorlarini oʻrgatib keladi.
“Hunar, hunardan unar” deganlariday, bu oilaning farovonligi obodligi qilingan halol mehnatning samarasidir.