“Quantbox Chennai Grand Masters 2026”: bugun 8 nafar eng kuchli shaxmatchining qaysi o‘rinlardan joy olishi ma’lum bo‘ladi
Bugun, 22-iyul kuni Hindistonning Chennay shahrida o‘tayotgan “Quantbox Chennai Grand Masters 2026” xalqaro turnirida ishtirok etayotgan 8 nafar eng kuchli shaxmatchining qaysi o‘rinlardan joy olishi ma’lum bo‘ladi.
Mukofot jamg‘armasi 79 ming 500 AQSH dollaridan iborat nufuzli musobaqaning so‘nggi 7-tur bahsida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda rossiyalik Dmitriy Andreykin bilan kuch sinashadi.

Kecha o‘tkazilgan 6-tur musobaqasida Nodirbek oq donalarda turnir jadvalida yetakchilik qilayotgan Fransiya vakili Alireza Firuzjaga qarshi dona surdi.
Qiziqarli kechgan bahsda tomonlar murosa yo‘lini tanlashi ortida Firuzja 4 ochko bilan peshqadamlik o‘rnini mustahkamlashga muvaffaq bo‘ldi. N.Abdusattorov esa 3,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
G‘oliblikka da’vogarlardan sanalgan hindistonlik Arjun Erigaisi ortda qolgan 6-tur o‘yinida kutilmaganda oq donalarda hamyurti Nihal Saringa imkoniyatni boy berishi natijasida 3,5 ochko bilan 3-o‘rinni band etishga majbur bo‘ldi.

Xalqaro turnirning so‘nggi turida 6-turda ochko yo‘qotgan Arjun Erigaisi qora donalarda g‘oliblikka asosiy da’vogar Alireza Firuzja bilan to‘qnash keladi.
Ular o‘rtasidagi jangda tomonlar murosa yo‘lini tanlagan vaziyatda Abdusattorov rossiyalik raqibini mag‘lub etsa, Chinnay musobaqasining g‘oliblik bayrog‘i O‘zbekiston sari yuz tutishi ehtimoldan yiroq emas.
Biroq shaxmatda natijani oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi. Lekin oxirgi turlardagi o‘yinlarga ko‘ra, sovrinli o‘rinlar uchun kurash aynan Firuzja, Abdusattorov va Erigaisi o‘rtasida kechadigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, “Quantbox Chennai Grand Masters 2026” turnirida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 25 ming, 2-o‘rin sohibi 15 ming, 3-o‘rinni band etgan ishtirokchi 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, Chinnay musobaqasida 4-8-pog‘onalardan joy egallaganlar ham musobaqa nizomiga muvofiq ma’lum miqdordagi pul mablag‘lariga ega chiqadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA