Qozog‘istonda bugun mustaqillik kuni!
Toqayev xalqini tabrikladi
1991 yil 16 dekabrda Oliy Kengash Qozog‘istonning mustaqilligi va davlat suvereniteti to‘g‘risida qonun qabul qildi. Respublika sobiq ittifoq tarkibidagi mustaqillikka oid qonunni eng oxiri qabul qilgan davlat.
Qozog‘iston avval qazib olish sanoatiga tayangan butun iqtisodiy tizimni qayta qurish orqali iqtisodiyotda sezilarli yutuqlarga erishdi. Mustaqillik davrida nafaqat iqtisodiy, balki kuchli siyosiy islohot ham amalga oshirildi, respublikaning xalqaro maydondagi nufuzi sezilarli darajada oshdi.
Mamlakat xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar a’zosi, G‘arb va Sharq davlatlarining ishonchli hamkori. Bugun mamlakat bo‘ylab ommaviy tantanalar bo‘lib o‘tmoqda. Bayram arafasida taniqli madaniyat va san’at, sport, siyosat vakillari taqdirlanadi. Barcha shahar va qishloqlarda bayram, kechqurun osmon uzra mushaklar otiladi.
“Oq o‘rda” matbuot xizmati xabar berishicha, Qosim-Jomart Toqayev xalqini mazkur sana bilan qutladi. Prezident tabrigi “Mustaqillik ayomi xalqning buzilmas birdamligini ta’kidlaydigan ulug‘ bayram” jumlasi bilan boshlangan.
– Ushbu qutlug‘ kunda xalqimiz orzusini ro‘yobga chiqarishga beqiyos hissa qo‘shgan insonlar ruhiga hurmat bajo keltiramiz, – dedi Toqayev. – Ozodlik sharofati bilan mamlakatimiz yangi qadamlar tashladi. Qozog‘iston o‘z mustaqilligini e’lon qilgandan keyingina, diplomatik yo‘l bilan tan olinib, xalqaro hamjamiyatning to‘la huquqli a’zosi sifatida e’tirof etila boshladi.
Qutlovda mustaqillikni muvaffaqiyatli va farovon davlat tayanchi sanalgan qadriyat sifatida asrab-avaylash ota-bobolar va kelajak avlod oldidagi muqaddas burch ekanini alohida ta’kidlagan.
– Qozog‘iston strategik yo‘nalishidan chetga chiqmaydi va davlatchilik an’anasini izchil rivojlantiradi, – deyiladi Prezident nutqida. – Barcha sohalardagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar ko‘p asrlik nasabnomamizda yangi sahifa ochdi. Biz hammaga teng imkoniyat beradigan, o‘sish va farovonlikka yo‘l ochadigan Adolatli yurtni yaratyapmiz. Jamiyatda hamjihatlik va barqarorlik, huquq-tartibot, mas’uliyat va hamjihatlik, bilim va mehnatsevarlik kabi qadriyatlar mustahkam qaror topsa, bu maqsadga erishishimiz aniq.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda har yil 16 dekabr kuni boshlanadigan tantana, mustaqillik shodiyonasi 17 dekabrda ham davom etadi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA