Qo‘riqlash xizmatiga talab oshmoqda (+video)
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari Jizzax viloyatida ham aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish hamda jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirish borasida zamonaviy yondashuvlar asosida tizimli ishlar tashkil qilingan.
Bu borada, Milliy gvardiyaning Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik.
Qo‘riqlash sohasiga zamonaviy texnologiyalar kirib kelishi ortidan texnik imkoniyatlarning oshishi soha hodimlarining toifalangan obyektlarni, davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik birlashmalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini qo‘riqlashni yanada ishonchli tarzda amalga oshirish imkonini bermoqda. Boshqarmaning monitoring markazi va navbatchilik qismida qo‘riqlovga olingan barcha obyektlarning kuzatuv va nazorati ta’minlangan.
Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda davomatni nazoratga olish maqsadida raqamli texnologiyalar asosida shaxsni aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayon maxsus kuzatuv kameralari orqali dars jarayonlariga xalal bermagan holda bajariladi.
Ta’kidlash joizki, maktablardagi davomat nazorati Milliy gvardiyaga topshirilgach, o‘tgan vaqt davomida Jizzax viloyatida maktab o‘quvchilarining davomati 81,6 foizdan 98 foizga ko‘tarildi. Shu bilan birga, 2024-yilning 1-apreligacha turli sabablarga ko‘ra, noqonuniy tarzda xorijga chiqib ketgan 156 nafar maktab o‘quvchilari yashash joyiga qaytarilib, hozirda ularning o‘z hududlaridagi ta’lim muassasalarida tahsilni davom ettirishi ta’minlangan.
2023-yilning 1-chorak yakunlariga ko‘ra, Milliy gvardiyaning Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Qo‘riqlash boshqarmasi harbiy xizmatchilari va xodimlari tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda 7 ta jinoyat fosh etilgan. 3 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanib, 8 nafar bedarak yo‘qolgan shaxsning topilishiga erishilgan.
Viloyatning barcha hududlaridagi yirik savdo komplekslari, istirohat bog‘larida jamoat tartibini saqlash maqsadida kuzatuv kameralari bilan bir qatorda, "tashvish" tugmalari ham o‘rnatilgan. Shuningdek, yo‘nalishli patrullik xizmati ham joriy qilinib, qo‘riqlovning ishonchliligi yanada oshirilgan.
Tunggi yo‘nalishda aholi gavjum joylarda va markaziy ko‘chalarda, xiyobonlarda jamoat tartibini saqlashga mas’ul xodimlar piyoda va maxsus avtomobillarda o‘z vazifalarini amalga oshiradilar. Har bir hodim o‘z hududidagi vaziyat haqida belgilangan vaqtda navbatchilik qismiga axborot berib boradi.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/MvYW7s19zXo" title="Qoʻriqlash xizmatiga talab oshmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, Jizzax viloyatida qo‘riqlash xizmatiga talab yildan yilga oshib bormoqda. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2021-yilda viloyatda 700 ga yaqin obyektlar qo‘riqlovga olingan bo‘lsa, bugunga kelib bu ko‘rsatgich 2101 taga yetdi va bu jarayon davom etmoqda.
N.Rahmonova, A.Ahmedov, M.Yusupov (video), O‘zA