Qoraqir suv havzasida noqonuniy ov
Buxoro viloyatida atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni asrash hamda tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish borasida nazorat tadbirlari izchil davom etmoqda. Ana shunday navbatdagi ekologik nazorat reyd Peshku tumani hududida joylashgan Qoraqir tabiiy suv havzasida o‘tkazildi.
Reyd davomida Qorako‘l tumanida yashovchi uch nafar fuqaro tomonidan to‘rlar yordamida noqonuniy baliq ovlash holati aniqlandi. Tekshiruv jarayonida ular tomonidan jami 342 dona zog‘ora baliq, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan ikki dona Turkiston mo‘ylovdori balig‘i ovlangani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, uch dona kulrang g‘oz tuxumi ham borligi qayd etildi.
Mazkur holat yuzasidan qonunchilikka muvofiq tartibda barcha biologik resurslar ekspertizaga yuborildi. Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan xulosaga ko‘ra, ushbu noqonuniy harakatlar oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 717 million so‘mni tashkil etgan.

Huquqbuzarlikka doir daliliy ashyo sifatida 344 dona baliq hamda taqiqlangan ov vositalari olib qo‘yildi. Hozirgi vaqtda ushbu holat bo‘yicha tegishli idoralarga birlamchi hujjatlar taqdim etilgan bo‘lib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tabiiy suv havzalarida noqonuniy ov qilish nafaqat hayvonot dunyosiga, balki butun ekotizim muvozanatiga jiddiy zarar yetkazadi. Ayniqsa, Qizil kitobga kiritilgan turlarning yo‘q qilinishi ularning kelajak avlod uchun saqlanib qolishiga xavf tug‘diradi.
Tabiatni asrash har bir fuqaroning burchi hisoblanadi. Ekologik qonunbuzarliklarga qarshi kurashish, tabiiy boyliklarni muhofaza qilish va kelajak avlodga sog‘lom muhit qoldirish barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.