Qoraqalpoq adabiyotining qo‘sh boyteragi
Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida O‘zbekiston Qahramonlari, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qayipbergenov tavalludining 97 yilligi munosabati bilan “Qoraqalpoq adabiyotining qo‘sh boyteragi” nomli adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mehmon sifatida adiblarning farzandlari, institut professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Adabiy kechada To‘lepbergen Qayipbergenovning qoraqalpoq va o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan katta hissasi, Ibroyim Yusupovning insonparvarlik, ezgulik va milliy qadriyatlarni ulug‘lashdagi xizmatlari haqida so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad qoraqalpoq adabiyotining ikki buyuk namoyandasi xotirasiga hurmat bajo keltirish, ularning boy ijodiy merosini keng targ‘ib etish hamda yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat.
Bunday adabiy kechalar yosh avlodni milliy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda buyuk adiblarimiz ijodini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.