Qoraqalpog‘istonlik ayollar Andijonda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida yashovchi bir guruh xotin-qizlar Andijonga keldi.
Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida Andijonga tashrif buyurgan 103 nafar qoraqalpog‘istonlik xotin-qizlar “Andijon” temiryo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bir necha kun avval Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida bo‘lganida aholi vakillari bilan uchrashib, muloqot qilgan edi. O‘tkazgan uchrashuvlarda viloyat hokimi bir guruh kegeylilik ayollarni andijonlik hunarmandlar tajribasini o‘rganish uchun Andijonga taklif qilgan edi.
Taklifga asosan, viloyatga kelgan qoraqalpog‘istonlik ayollar Andijon tumanidagi “MED CITY” davolash va dam olish maskaniga joylashtirildi. Mehmonlar bir necha kun davomida ushbu maskanda dam olib, salomatligini tiklaydi. Shu bilan birga, do‘ppido‘zlik, kashtachilik, ko‘rpa-to‘shak tikish, milliy qo‘g‘irchoqlar yasash, gulchilik va boshqa qator yo‘nalishlar bo‘yicha andijonlik hunarmandlarning ish tajribalarini o‘rganadi. Umuman, Andijondagi bunyodkorlik ishlari, xotin-qizlar tadbirkorligi, hunarmand ayollar faoliyati bilan yaqindan tanishadi.
[gallery-6043]
– Men andijonlik ayollarning gulchilik sohasidagi ishlari, tajribalarini o‘rganib, gulchilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchiman, – deydi Kegeyli tumanidagi Xalqaobod mahallasida yashovchi Xolnigul Susenova.
– Andijonga birinchi bor kelishim, andijonliklarning mehmondo‘stligi, viloyatdagi bunyodkorlik ishlari ochig‘i, meni hayratga soldi. Ayniqsa, hunarmandlar tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar har qanday kishini havasini keltiradi. Andijonda gulchilikni yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlar, ilg‘or tajribalarni o‘rganib, nasib etsa, o‘z mahallamda gulchilikni yo‘lga qo‘yib, daromad topishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga harakat qilaman. Qoraqalpog‘istonlik ayollar turli yo‘nalishlar bo‘yicha biriktirilgan tuman va shaharlarda besh kun davomida hunarmandchilik sirlari va tajribalarini o‘rganadi. Bundan tashqari, mehmonlar uchun qator madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilishi, viloyatining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etilishi belgilangan.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat) O‘zA