Qoraqalpog‘istonga Xitoydan 50 ming bosh naslli qoramol olib kelinadi
Orolbo‘yi hududida chorvachilikni rivojlantirish borasida belgilangan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F.Nurmuhammadov boshchiligidagi Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Xitoy davlatiga tashrif buyurdi.
Prezidentimizning 2026-yil 12-maydagi “Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilgan tashrif doirasida Xitoyning “Hualing Yecheng Agriculture and Animal Husbandry Development Co., Ltd.” va “O‘rta qala chorva mollari” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Kelishuvga ko‘ra, uch yil davomida Qoraqalpog‘istonga 50 ming bosh naslli qoramol olib kelinishi belgilangan. Loyihaning dastlabki bosqichida 200 bosh naslli qoramol olib kelinib, ularni parvarishlash va ko‘paytirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu loyiha chorvachilikning naslchilik bazasini mustahkamlash, yuqori mahsuldor qoramollar sonini ko‘paytirish, go‘sht va sut ishlab chiqarish hajmini oshirish, shuningdek, sohada zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
Bu kabi xalqaro hamkorlik loyihalari hududlarda chorvachilikni barqaror rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri