Qoramollar faqat kushxonada suyilishi kerak
Prezidentimiz tomonidan joriy yil 24 yanvarda o‘tkazilgan charm-poyabzal sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, Samarqand viloyati hokimligi tomonidan viloyatdagi kushxonalar va go‘sht do‘konlari, qassoblar faoliyatini tartibga solish va terini qayta ishlash quvvatlarini oshirish masalalari muhokama etildi.
– Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimizda yiliga kamida 300 ming bosh qoramol, 625 ming bosh qo‘y so‘yiladi, – dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – Ayni payda esa 24 ta kushxona faoliyat yuritmoqda va ularning yillik quvvati so‘yilayotgan chorva mollarining 22,5 foizini qamrab oladi. Lekin shundan ham foydalanilmayapti.
Kushxonalar quvvatlaridan foydalanish darajasi bor-yo‘g‘i 29 foizni tashkil etmoqda. Qassoblar chorva hayvonlarini asosan xonadonlarida so‘ymoqda. Buni hozirda viloyatimizda 869 ta ko‘sht do‘koni bo‘lsa-da ularning 461 tasi kushxonalar bilan shartnoma imzolaganida ham ko‘rish mumkin. Eng yomoni, ayrim qassoblar shartnoma tuzgan bo‘lishiga qaramay, chorvani o‘z uyida so‘yishda davom etmoqda. Bu esa tabiiyki, go‘sht va teri sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yig‘ilishda bundan buyon chorva hayvonlarini faqat kushxonada so‘yish, sanitariya va veterinariya qoidalariga qat’iy rioya qilish, kushxonalar tomonidan arzon va qulay transport xizmatini yo‘lga qo‘yish, teri xomashyosini kushxonaning o‘zida sotib olish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Kushxonalardan olis hududlar va bozorlarda chorva mollarini so‘yish uchun mobil ko‘chma so‘yish agregatlari tashkil etiladi. Zamonaviy kushxonalar tashkil etilgunga qadar faqatgina Qo‘shrabot, Nurobod, Paxtachi tumanlari, Kattaqo‘rg‘on tumanining bir qismida mayda shoxli chorva mollarini uyda so‘yishga ruxsat beriladi. Viloyat hokimi bu borada jamoatchilik nazorati imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi.
Shu maqsadda jurnalist va blogerlar, jamoatchilik vakillari tizimda qonun va amaldagi tartiblarga zid harakatlarni kuzatsa yoki buni aniqlab, xabar bersa ular hokimlik tomonidan moddiy rag‘batlantirilishi bildirildi.
G‘.HASANOV, O‘zA