Qorako‘lda mahalla raislari bog‘i tashkil etildi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida 200 ming donadan ortiq mevali va manzarali daraxtlar ekildi.
Tumandagi “Do‘stlik” mahallasida M-37 yo‘li bo‘yidagi hudud tuman mahalla raislari tashabbusi bilan obodonlashtirildi. “Mahalla raislari bog‘i” tashkil etildi. Hududdagi notekis tuproq qatlami tekislangach, shirin tuproq va mahalliy o‘g‘itlar bilan boyitildi. Tuman markaziga kiraverish qismida bunyod etilgan makonga 10 mingga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari 350 ta mevali, 150 ta archa va sosna, 1000 ta tut, 5 mingta uzum, 3 mingtadan ortiq terak qalamchalari o‘tqazilib, sug‘orish tizimi tashkil etildi.


Tuman tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan daraxt ekish aksiyasida Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov boshchiligidagi faxriylar, tashkilotlar rahbarlari, mahalla raislari alohida jonbozlik ko‘rsatdi.
– Obodlik ko‘ngildan boshlanadi, – deydi tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i maslahatchisi Muhiddin Fattullayev. – Yurtboshimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan ezgu sa’y-harakatga bugun har bir qorako‘llik yoshu qari labbay deb javob bermoqda. Tumanimizni bahavo, ekologik toza hududga aylantirishga hamma bel bog‘lagan. Ayni paytda “Yashil makon” loyihasidagi ezgu ishlar tumandagi jome’ masjidlari va ziyorat turizmi ob’ektlarida ham davom etmoqda.


Zarif Komilov, O‘zA