"Qora dori – 2021" nazorat-reyd tadbirlari
Respublika hududida giyohvandlik moddalari hisoblangan o‘simliklarni yetishtirish, saqlash, sotish va boshqa holatlariga chek qo‘yish maqsadida IIV va vazirlikning quyi tizimlari tomonidan «Qora dori –2021» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda.
Viloyat IIBB axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, shu kunlarda Toshkent viloyati IIBB JQB xodimlari tomonidan Zangiota tumanida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirida bir nechta holatlar aniqlandi. Jumladan, Navqiron mahallasida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan M.E. yashash uyi tomorqasida giyohvandlik o‘simligini yetishtirayotgani va uyida vazni taxminan 2 kilogramm bo‘lgan marixuana giyohvand moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, Bodomzor mahallasida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan Sh.I. va Turkiston mahallasida yashovchi 1966 yilda tug‘ilgan S.K.lar ham yashash uylarining tomorqasida noqonuniy ravishda giyohvandlik o‘simligini yetishtirayotgani aniqlanib, tegishli tartibda yo‘q qilindi.
Hozirda viloyat bo‘ylab shahar-tumanlar kesimida giyohvandlikka qarshi kurashga qaratilgan “Qoradori – 2021” nazorat-reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
A.Musayev, O‘zA