Qo‘qonda dastlabki jadid maktabi qachon faoliyat ko‘rsata boshlagan?
Vatanimiz tarixidagi 11 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1405 yil (bundan 616 yil oldin) – Xitoy yurishiga otlangan Amir Temur O‘trorda to‘satdan kasallandi, darhol issig‘i ko‘tarildi. Mohir tabib Mavlono Fazlulloh Tabriziy muolaja qilganiga qaramay, ahvol yaxshilanish o‘rniga og‘irlasha bordi va kasallikning yangi alomatlari paydo bo‘la boshladi. Ammo Sohibqironning aqlu hushida nuqson yo‘q edi. Shunday betobligiga qaramay, lashkarning ahvolidan xabar so‘rardi.
1900 yil (bundan 121 yil oldin) – Qo‘qonda dastlabki jadid maktabi faoliyat ko‘rsata boshladi. Tarixchi Alisher Isoqboyevning qayd etishicha, uning asoschisi Salahitdin Mazitov edi. Maktab ochilganidan olti oy o‘tib, o‘tkazilgan imtihonda 8–9 yoshli bolalarning yozishlari, kitob o‘qishlari, hisob, geografiya va tarix bilimini egallaganliklari hamda Qur’onni erkin tilovat qilishlari imtihonga yig‘ilganlarni hayratga solgan.
Imtihondan so‘ng maktabdagi bolalarning soni keskin ortgan. Maktabning ovozasi butun Qo‘qon uyezdiga tarqalib, endilikda Salahitdin Mazitov kunduzi yuzdan ortiq bolalarni, kechalari yoshi kattaroq yigitlarni o‘qita boshlagan. Maktabga o‘quvchilar sig‘may qolgach, Qo‘qonning yirik boylaridan Mirzo Umar hoji o‘z mahallasida yangi maktab qurib, Salahitdin Mazitovni o‘qituvchilikka taklif etgan.
1923 yil (bundan 98 yil oldin) – Turkiston davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) kengashi o‘z majlisida yangi muhandislik-melioratsiya fakultetini ikkita: melioratsiya va suv energiyasidan foydalanish bo‘limlari tarkibida ochish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu avvalo Turkiston iqtisodiyoti rivoji uchun sug‘orish va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash yo‘nalishidagi mutaxassislarni uzluksiz ko‘paytirib borish talabidan kelib chiqilgan qaror edi.
Ta’kidlash joizki, bu vaqtda Turkistonda muhandislar oyiga 20–40 ming rubl maosh olgan. Oddiy izvoshchi esa undan ikki marta ko‘p topganidan uyalgan va o‘zining haqiqiy kasbini astoydil yashirib, qora ishchi, yuk tashuvchi, mardikor bo‘lib kun kechirgan ko‘p sonli yuqori malakali ishchilar bo‘lgan.
1927 yil (bundan 94 yil oldin) – Toshkentda quvvati 2 kVt bo‘lgan ommaviy radiostansiya ishga tushirilib, muntazam radioeshittirishlar boshlandi. Radio orqali turli mavzulardagi chiqishlar, suhbatlar, konsert dasturlari radioeshittirishlarniig asosini tashkil etgan.
1935 yil (bundan 86 yil oldin) – Hamza nomidagi drama teatrida (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida) Uilyam Shekspirning shoh asari – “Hamlet” tragediyasining premerasi bo‘ldi (Rejissyor Mannon Uyg‘ur). Hamlet rolida Abror Hidoyatov o‘ynadi. Shu rol bilan aktyor ijodida yangi davr boshlandi. “Hamlet” spektakli, ayniqsa, Hamlet obrazi o‘zbek teatri san’ati tarixida katta voqea bo‘ldi.
Asar muxlislarning muhabbatini qozonganligi sababli surunkasiga 21 kun namoyish etildi. O‘sha paytlarda sovet teatr jamoatchiligi, chet ellik teatr muxlislari spektaklga va Hamlet obraziga qoyil qoldilar. Hamlet Abror Hidoyatov ijrosida haqiqiy insonparvar mutafakkir, his-tuyg‘ularga boy romantik qahramondir.
1993 yil (bundan 28 yil oldin) – Kitob baland tog‘ rasadxonasi majmuasi tashkil etildi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi