
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyali holatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bir necha bor to‘xtaldi.
Ha, korrupsiya nafaqat ma’lum bir sohaga, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoqdir. Bu illat jamiyatni ham, davlatni ham ich-ichidan yemiradi. Aynan korrupsiya tufayli ko‘plab davlatlarning inqirozga yuz tutganini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Korrupsiyaning xavflilik darajasi shundaki, taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun islohotlar shiddatini susaytiradi, amalga oshirilayotgan ezgu ishlar ko‘zga ko‘rinmasdan qoladi. Nafaqat xalq, butun mamlakat kambag‘allashadi.
Shu sababli ham davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z prezidentlik vakolatiga kirishishi bilanoq, 2017 yil 5 yanvarda imzo chekkan eng birinchi muhim normativ-huquqiy hujjat “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun bo‘ldi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi demakdir.
Ushbu qonun me’yorlarining samarali ijrosini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida o‘nlab Prezident qaror va farmonlari qabul qilindi.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda qabul qilingan qonun hujjatlari va amaliy ishlar aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralardir. Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, inson qadrini yuksaltirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi, huquqni muhofaza qiluvchi va odil sudlov organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Albatta, bajarilgan ishlar salmoqli. Ammo, biz kechagi qilgan ishimizning natijasiga mahliyo bo‘lib qolsak, ertangi ishimizning yakuni biz kutganchalik bo‘lmasligi tabiiy. Shunday ekan, inson qadrini oshirish, kambag‘allikni tugatish, mamlakat iqtisodiyotini yanada o‘stirish, xalq farovonligini yaxshilash, mamlakatda investitsiya muhitini xalqaro talablar darajasiga ko‘tarish borasidagi strategik vazifalarni davomli hal etishda korrupsiya eng katta to‘siqdir.
Ikki yil oralig‘ida besh ming nafar mansabdor shaxs jinoyatga qo‘l urdi. Bu o‘sha mansabdor shaxslarning o‘z xalqiga, Prezidentiga yoki ishxonasiga ya’ni yeb turgan tuzlig‘iga xiyonati emasmi? Nahotki shu illat botqog‘iga botganlar ota-bobolarimizdan ma’naviy meros sifatida o‘tib kelayotgan “Birovning haqiga xiyonat qilma”, “Yetimning va bemorning ustidan haq yema”, “Bitta mayizing bo‘lsa qirq bo‘lib yegin”, “O‘zgadan bir dona gugurt cho‘pi yoki bitta igna olgan bo‘lsang ham uni albatta qaytar” kabi o‘gitlarni unutishgan bo‘lsa!?
Mansab vakolatini suiiste’mol qilish, xizmat vakolati doirasidan chetga chiqish, o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarash, davlat va jamoat mulkini talon-toroj qilish, qo‘l ostidagi xodimlarning ish haqlariga changal solish kabi illatlar bilan kundalik hayoti sifatida shug‘ullangan bu besh ming nafar mansabdor shaxsning har biri vijdonini o‘rtaga qo‘yib, mamlakatimiz taraqqiyotiga kushanda bo‘lib, ko‘p millionlik xalqimizga, muqaddas Vatanimizga xiyonat qilmayapmanmi, deb nahot o‘ylab ko‘rmagan.
Murojaatnomada ta’kidlangan qo‘rqinchli raqamlarda aks etgan mansabdorlarning boshida turgan rahbarlar, yonida turgan hamkasblari, mehnat jamoalari qayerga qaragan, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Davlat rahbari o‘z ma’ruzalari davomida deputat va senatorlar, mahalliy kengashlarni korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha faollikka chaqirdi:
“Har bir deputat o‘zining okrugidagi byudjet hisobidan bo‘layotgan qurilishlar, yo‘llarni, har oyda borib ko‘rsa, buyurtmachi va pudratchidan sifatni talab qilsa, bilasizlarmi, ahvol qanday o‘zgaradi? Buning uchun sizlarda yetarli