Qonun ustuvorligi va ochiq muloqot – tadbirkorlikning ishonchli kafolati
Yangi O‘zbekistonda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda davlat organlari bilan biznes o‘rtasida ochiq va ishonchli muloqotni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Bu jarayonda bojxona organlari tomonidan tadbirkorlarning murojaatlarini qonunchilik talablari asosida tezkor, xolis va shaffof ko‘rib chiqish amaliyoti muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har bir murojaatga huquqiy asosda yondashish, uning mohiyatini chuqur o‘rganish va adolatli yechim topish esa davlat xizmatlarining sifati hamda tadbirkorlar ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Ana shunday murojaatlardan biri Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan “Knauf Gips Buxoro” MCHJ tomonidan Buxoro viloyati bojxona boshqarmasiga yo‘llandi. Korxona Germaniya, Qozog‘iston va Turkiya davlatlaridan import qilingan “12V4000GS elektr generator qurilmasi” bilan birgalikda olib kelingan transformator podstansiyasi hamda har qanday ob-havo sharoitiga mo‘ljallangan himoya qoplamasiga nisbatan amaldagi bojxona imtiyozlarini qo‘llash masalasida huquqiy tushuntirish so‘radi.

Murojaatni har tomonlama, xolis va qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqish maqsadida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari hamda tovarlarni klassifikatsiyalash bo‘yicha mutaxassislar korxona omboriga chiqqan holda tovarlarni batafsil o‘rganishdi. O‘rganish jarayonida mahsulotlarning texnik xususiyatlari, funksional vazifasi, tarkibiy qismlari va tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (TIF TN) bo‘yicha tasnifi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida atroflicha tahlil qilindi.
Shundan so‘ng Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov ishtirokida korxona rahbariyati bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda tadbirkor tomonidan bildirilgan savollarga qonunchilik normalariga tayanilgan holda aniq va batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi.
Jumladan, elektr generator qurilmalari uchun qonunchilikda belgilangan bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar, ularni qo‘llash shartlari va huquqiy asoslari izohlab berildi. Shu bilan birga, generator bilan bir vaqtda import qilingan transformator podstansiyasi hamda har qanday ob-havo sharoitiga mo‘ljallangan himoya qoplamasi mustaqil tovar sifatida tasniflanishi, shu sababli ular mazkur imtiyozlar doirasiga kirmasligi va ushbu tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari belgilangan tartibda undirilishi lozimligi huquqiy dalillar bilan asoslab berildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorning barcha savollariga atroflicha javob qaytarilib, amaldagi qonunchilikning mazmun-mohiyati, tovarlarni to‘g‘ri tasniflashning ahamiyati va bojxona rasmiylashtiruvida huquqiy talablarga qat’iy rioya etish zarurligi yuzasidan ham amaliy tavsiyalar berildi.

Eng muhimi, mazkur murojaat kabinetda emas, balki tovarlarning o‘zi joylashgan hududda amaliy o‘rganish, ochiq muloqot va huquqiy tahlil asosida hal etildi. Bu esa bojxona organlari faoliyatida shaffoflik, qonuniylik va adolat tamoyillari ustuvor ekanining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tadbirkorlar bilan konstruktiv muloqot, har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashish va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ishonchli hamkorlik muhitini mustahkamlash yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarini izchil davom ettirmoqda. Bu esa mamlakatimizda ochiq, shaffof va zamonaviy bojxona tizimini barpo etishga xizmat qilayotgan muhim omillardan biridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri