Qonun markazida – inson
Toshkent davlat yuridik universiteti tashkil etilganiga 35 yil bo‘ldi.
Yangilangan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston huquqiy davlat deb mustahkamlab qo‘yilgan. Huquqiy davlatning tayanchi esa qonun ustuvorligi va odil sudlovdir. Har qanday qonun, har qanday sud qarori, avvalo, malakali huquqshunos faoliyatida hayotga tatbiq etiladi. Mamlakatimizda ana shunday kadrlarni tayyorlaydigan bosh dargoh – Toshkent davlat yuridik universiteti 29-sentabr kuni o‘z tavalludining 35 yilligini nishonlaydi.
Universitet mustaqilligimiz bilan tengdosh. 1991-yil 15-avgustda hukumat qarori bilan Toshkent davlat universitetining yuridik fakulteti negizida Toshkent davlat yuridik instituti tashkil etildi. Huquqiy davlat qurishni maqsad qilgan yosh mamlakat uchun bu tarixiy zarurat edi. Yurtimizda yuridik ta’limning ildizlari esa 1918-yil 21-aprelga borib taqaladi. O‘shanda Turkiston xalq universitetida yuridik kafedra ochilib, Markaziy Osiyoda huquq maktabiga asos solingan edi. O‘tgan yillar davomida bu maskanda akademiklar S.Rajabov, X.Sulaymonova, X.Rahmonqulov va Sh.Urazayev, B.Manelis, B.Blinder, G.Sarkisyans, Sh.Shorahmetov, G‘.Abdumadjidov, I.Zokirov kabi professorlar ijod qildi. 2013-yilda institut universitetga aylantirilib, modulli o‘qitish tizimiga o‘tildi.
Bugun TDYUU yuridik kadrlar tayyorlash bo‘yicha tayanch oliy ta’lim va ilmiy-uslubiy muassasa maqomiga ega. Konstitutsiyaviy talablar universitet zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Shu bois TDYUU jamoasi raqobatbardosh mutaxassis tayyorlashni o‘z oldiga bosh maqsad qilib qo‘ygan: yangi zamon bilan hamnafas fan modullari yaratilib, o‘quv jarayoniga joriy etildi. 2026/2027 o‘quv yilidan yurisprudensiya yo‘nalishi 2-4-kurs talabalari uchun dual ta’lim to‘liq joriy etilmoqda: o‘qishning yarmi auditoriyada, yarmi bevosita sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va yuridik tashkilotlarda o‘tadi. Bakalavriatda “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” hamda “Raqamli huquq”, magistraturada “Korporativ huquq va boshqaruv” hamda “Huquqiy boshqaruv” yo‘nalishlari ochildi. Talabalar bilimini xolis baholovchi “Baho AI” va rasmiy hujjatlar asosida maslahat beruvchi “Tutor AI” tizimlari yaratildi.
Dargohning ilmiy salohiyati ham yuksak. Jamoada 465 professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi, ulardan 211 nafari ilmiy darajaga ega, shu jumladan, 76 nafari fan doktori. Universitet huzurida 13 ta ixtisoslik bo‘yicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi kengashlar ishlab turibdi. Ilmiy maktablar, Yosh olimlar kengashi, doktorantura va “Legal Tech” laboratoriyasi yosh tadqiqotchilarga keng yo‘l ochmoqda. So‘nggi bir yilda professor-o‘qituvchilarning 76 ta maqolasi “Scopus” va “Web of Science” bazalaridagi jurnallarda chop etildi.
Universitetning e’tiborli jihati – ilm va amaliyot birligi, aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatish tizimida izchillikni yo‘qotmaslik. Yuridik klinika fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatmoqda. Aholiga bepul taqdim etilgan “Huquq maktabi” mobil ilovasidan 77 mingdan ortiq fuqaro foydalanmoqda. Ustoz va shogirdlar mahallalarda “Namunaviy mahalla”, “Huquqiy mahalla”, “Nizodan xoli mahalla” konsepsiyalarini joriy etib, aholining huquqiy savodxonligini oshirmoqda. Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish uchun “TSUL Professional Services” korxonasi va “Legal Tech” tizimi tashkil etilgan. “KOICA” bilan hamkorlikda 14,5 million dollarlik sun’iy intellektga asoslangan yuridik xizmatlar loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, ta’lim dargohida xalqaro hamkorlik ham izchil kengaymoqda. Bugun xorijiy hamkorlar bilan 136 ta shartnoma va memorandum amal qilmoqda. Birgina 2026-yilning birinchi yarmida Buyuk Britaniyaning “Greenwich”, Italiyaning “Roma Tre”, Polshaning “Shchetsin” va Avstraliyaning “Macquarie” universitetlari bilan yangi bitimlar imzolandi. Qozog‘iston, Belarus, Rossiya, Polsha va Hindiston oliygohlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro e’tirof ham ortib bormoqda: “Times Higher Education World Impact Ranking-2026” reytingida universitet 123 o‘rinni, “Round University Ranking - 2026” da ta’lim sifati bo‘yicha 388 o‘rinni egalladi.
Talabalarimiz dunyodagi eng nufuzli “Philip C. Jessup” xalqaro huquq musobaqasida 800 ga yaqin jamoa orasida 11 o‘rinni qo‘lga kiritdi, “Inter-American Human Rights Moot Court” bellashuvida esa “The Best Team” (Eng yaxshi jamoa) deb e’tirof etildi. Universitetning 130 dan ortiq talaba va 50 dan ziyod o‘qituvchisi Yaponiya, Germaniya, Polsha, Buyuk Britaniya hamda AQSH oliygohlarida malaka oshirdi.
Universitetning Axborot-resurs markazi 300 ming nusxadan iborat boy fondga ega. Nodir fondda Burhoniddin Marg‘iloniyning 1893-yilda ko‘chirilgan “Hidoya” asari kabi uch mingga yaqin noyob manba saqlanadi. Talabalar uchun 26 ta klub, 42 ta ilmiy to‘garak va 9 ta sport seksiyasi faoliyat yuritadi.
Ammo barcha raqamlardan muhimroq bir haqiqat bor: huquqshunoslikning markazida qonun tursa, qonunning markazida inson turishi kerak. Bosh qomusimiz ham aynan shuni belgilagan: inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati – oliy qadriyat. Shu bois TDYUUda bugun qonunni chuqur biladigan, mustaqil fikrlaydigan, raqamli texnologiyalarni egallagan, inson qadri va adolatni kasbining mezoni deb biladigan yangi avlod huquqshunoslari tarbiyalanmoqda. 35 yillik yubiley yakun emas, yangi marralar sari qo‘yilgan qadamdir. TDYUUning bugungi salohiyati mamlakatimiz huquqiy taraqqiyotining ertangi mustahkam poydevoridir.
Firyuza MUXITDINOVA,
yuridik fanlar doktori,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori