Qonun loyihalari muhokamasi
Partiyalar fraksiyalarining navbatdagi yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
Partiyalar fraksiyalarining navbatdagi yigʻilishlari boʻlib oʻtdi. Unda navbatdagi yalpi majlis muhokamasiga kiritilishi rejalashtirilgan bir qator qonun loyihalari koʻrib chiqildi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi fraksiya aʼzolari tomonidan atroflicha muhokama etildi.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida foydalanilmayotgan oʻrmon fondi yerlari yangi oʻrmonzorlar va dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etish maqsadida foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari va qishloq xoʻjaligi korxonalariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida oʻrmon xoʻjaligi organlari tomonidan 50 yilgacha muddatga ijaraga berilishi taʼminlanadi.
Shuningdek, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunning 9-moddasi dehqon xoʻjaligiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalari yoki ularning bir qismini shunday huquq saqlab qolingan holda jismoniy va yuridik shaxslarga ijaraga berilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi band bilan toʻldirilmoqda.
Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Deputatlar qayd etib oʻtganidek, ayni paytda respublikamizda innovatsion faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yagona qonunchilik bazasi mavjud emas. Shundan kelib chiqib, innovatsion faoliyat sohasidagi tushunchalarni, sohaning subyektlari va ushbu jarayonda ularning oʻzaro munosabati, innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish, tijoratlashtirish mexanizmlari, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish masalalarida huquqiy hujjatning yaratilishi sohaning erkin faoliyat olib borishiga asos boʻlib xizmat qiladi.
Qonunning kuchga kirishi orqali innovatsiyaviy sohalarning samarali hamkorligi taʼminlanadi, innovatsion faoliyat subyektlarining huquq va majburiyatlari aniq belgilanadi. Ayniqsa, innovatsion faoliyat infratuzilmalarini keng koʻlamda tashkil etish imkoni vujudga keladi.
Qonun loyihasining maʼqullanishi orqali sohadagi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy munosabatlarni tartibga soluvchi qator normativ hujjatlar koʻrib chiqilib, ilmiy, ilmiy-texnik va innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish, oʻzlashtirish va tijoratlashtirish masalalari amaliyotga joriy etiladi.
Yigʻilishda “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham atroflicha koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda shifokor tavsiyasisiz oʻzini-oʻzi davolash amaliyoti keng tarqalib bormoqda. Buning natijasida dori vositalarining nojoʻya taʼsirlari ortib, koʻpgina salbiy holatlar ham qayd etilmoqda. Ayniqsa, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini isteʼmol qilish natijasida antibiotiklarning inson organizmiga taʼsiri susayishi kuzatilmoqda.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda Lirika, Pregabalin, Regapen, Tropikamid, Zaleplon, Selofen, Andante kabi dori vositalari noqonuniy aylanishi boʻyicha 200 ga yaqin murojaat qilingan va natijada 47 ming oʻramdan ortiq dori vositasi musodara qilingan. Bu kabi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarinining asosan yoshlar tomonidan notibbiy maqsadlarda qoʻllanilayotgani fraksiya deputatlari tomonidan taassuf bilan qayd etildi.
Shu maqsadda mazkur qonun loyihasida Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi va Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga retsept bilan realizatsiya qilish tartibini buzganlik masalasida javobgarlikni belgilash boʻyicha oʻzgartirishlar kiritish koʻzda tutilmoqda.
Shu bilan birga, loyiha orqali dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiisteʼmol qilinishiga yoʻl qoʻymaslik, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solish takomillashtiriladi.
Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimcha kiritishni nazarda tutadigan qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasining 6-moddasiga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat ishtiroki 50 foiz va undan ortiq boʻlgan tashkilotlar infratuzilma obligatsiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda chiqaradi.
Qonun loyihasiga ushbu yangi meʼyorlar kiritilgan. Taklif etilayotgan bandlarda havola norma koʻzda tutilyapti. Shu nuqtayi nazardan fraksiya aʼzolari qonun loyihasini yana-da takomillashtirish, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalar kiritishni taklif etdi.
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham qizgʻin muhokama etildi.
Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatishni yana-da yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori asosida ishlab chiqilgan.
Prezidentning tegishli qarorida kam uchraydigan (orfan) kasalliklarni davolashda ishlatiladigan tibbiy buyumlar importi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasdan amalga oshirilishini nazarda tutuvchi qatʼiy norma kiritish vazifasi belgilangan.
Fraksiya aʼzolari taqdim etilayotgan qonun loyihasining 24-moddasiga orfan dori vositalari va tibbiy buyumlari, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmasi asosida import qilinadigan oʻta xavfli kasalliklar profilaktikasida qoʻllaniladigan dori vositalari va ularning “in vitro” tashxisi tibbiy buyumlarini import qilish davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasdan amalga oshiriladi, degan qatʼiy meʼyor kiritishni taklif etdilar.