Qonun loyihalari koʻrib chiqildi
Bugungi kunda DNK maʼlumotlari, yaʼni genom axboroti maʼlumotlar bazasi boshqa ilmiy izlanishlarda qoʻllanilishi barobarida jinoyatchilikka qarshi kurashishda ham samarali vositaga aylanib bormoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda deputatlar bir qator qonun loyihalarini muhokama qildi. Dastlab, “Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi uchinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda DNK maʼlumotlari, yaʼni genom axboroti maʼlumotlar bazasi boshqa ilmiy izlanishlarda qoʻllanilishi barobarida jinoyatchilikka qarshi kurashishda ham samarali vositaga aylanib bormoqda. Ilgʻor texnologiyalarga asoslangan mazkur maʼlumotlar jinoyatlarni fosh etishda yuqori samara keltiradi.
Majlisda deputatlar tomonidan taʼkidlanganidek, genom axboroti maʼlumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi fosh etish murakkab, oʻta ogʻir boʻlgan yoki muqaddam ochilmagan jinoyatlarni ochishga koʻmaklashadi, shuningdek, genom axborotining yagona maʼlumotlar bazasi yaratilishi bedarak yoʻqolgan shaxslarni topish imkonini ham beradi.
Parlament quyi palatasining avvalgi majlisida ikkinchi oʻqishda moddama-modda muhokama qilingan qonun loyihasining ayrim moddalari, xususan, qonun qabul qilinganidan soʻng uning kuchga kirishi muddati, biologik qarindoshlar va genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish tushunchalari deputatlarning asosli savollariga sabab boʻlgan edi.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari bildirgan takliflar asosida qonun loyihasi yana-da maromiga yetkazildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Oliy Majlis Senatiga yuboriladigan boʻldi.
Deputatlar, jinoyat protsessiga jinoyat ishi boʻyicha dastlabki eshituv institutini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.
Qonun loyihasi yuzasidan Oliy sud raisining oʻrinbosari I.Muslimov va masʼul qoʻmita aʼzolarining maʼruzalari eshitildi.
Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi bilan sudda ishlarni koʻrishda inson huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va taraflarning bahslasha olish tamoyilini amalda roʻyobga chiqarish maqsadida jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda dastlabki eshituv institutini joriy etish belgilanyapti.
Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki eshituv institutining joriy etilishi sudga kelib tushgan jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida taraflarning ishtirok etishiga xizmat qiladi. Bugungi kunda ushbu bosqichda taraflar ishtiroki cheklangani sababli mazkur jarayonda hal etilishi lozim boʻlgan muhim masalalarni sudya yakka tartibda hal etishga majbur.
Oqibatda, sudya cheklangan maʼlumotga ega boʻlganligi uchun bunday masalalar hal etilmasdan qoladi va asosiy bosqich – umumiy sud majlisiga barcha ishtirokchilar chaqirilib, fuqarolarning sarson boʻlishiga olib keladi. Qonun loyihasi bilan bu kabi muammolar bartaraf etilyapti.
Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi jinoyat ishini umumiy asoslarda koʻrishga monelik qilayotgan sabablarni tezkor bartaraf etish imkoniyatini beruvchi qarorlar qabul qilish jarayonida taraflarning tortishuvi prinsipga soʻzsiz rioya etilishiga, sud muhokamasi chogʻida faqat maqbul dalillardan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratishga hamda jinoyat protsessida shaxsning konstitutsiyaviy huquqlariga rioya etilishini taʼminlashga va uning oldida belgilangan vazifalarni hal etishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Xalq vakillari qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash, qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.
Taʼkidlanganidek, amaldagi qonunchilikka muvofiq, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2682-moddasiga asosan Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilib kelingan. Lekin bu oʻzgarishlar kutilgan natijani bermadi.
Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar boshliqlariga huquqbuzarlik faktiga eʼtiroz bildirilgan hollarda ishni koʻrib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati berilyapti.
Bu oʻz navbatida, shaharsozlik sohasidagi qonun buzilishlariga yoʻl qoʻygan fuqarolar va mansabdor shaxslarga oʻz vaqtida chora koʻrilishi orqali qurilish sifatining oshishiga, maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlarda koʻriladigan ishlar hajmining kamayishiga erishiladi.