Onkogematologik kasallikka chalingan, og‘ir asorat bilan tez tibbiy yordam markazlariga yotqizilgan bemor uchun qon preparatlari suv va havodek zarur. Ushbu mahsulotlar zaxirasi esa bevosita beg‘araz qon topshiruvchi qon donorlari yordami bilan to‘ldiriladi.
Sirdaryoda qon donorlariga xizmat qiladigan viloyat qon quyish stansiyasi esa bundan 50 yillar muqaddam qurilgan bo‘lib, qayta rekonstruksiya qilingan va ta’mirlangan bo‘lsa-da, bugungi kun talabiga javob bermay qolgandi.
Davlatimiz rahbarining ushbu tizim ishini tashkil etish, qon donorlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi soha xodimlari uchun munosib shart-sharoit yaratish to‘g‘risida bergan topshiriqlari tufayli Sirdaryo viloyat qon quyish stansiyasi eski binosi o‘rnida yangi zamonaviy markaz binosini qurish ishlari boshlab yuborildi.
Investitsiya dasturi doirasida boshlangan qurilish -rekonstruksiya ishlarining umumiy loyiha qiymati qariyb 9.5 milliard so‘m bo‘lib, ushbu yumushni Guliston shahridagi "Abdumalik fayz qurilish" mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari amalga oshirmoqda.
Qurilish ishlariga ketadigan temir- beton va boshqa mahsulotlar chetdan emas, yurtimizdagi qurilish industriyasi korxonalaridan keltirilmoqda.
Mazkur binoda amalga oshirilayotgan qurilish- rekonstruksiya ishlari nihoyasiga yetgach, qon donorlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimlari uchun munosib shart-sharoit yaratiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan Sirdaryoda qon donorligi ishining yaxshi yo‘lga qo‘yilishi, qon preparatlariga muhtoj bemorlar uchun qon zaxiralarini ko‘proq yaratish imkonini beradi.
G‘ulom Primov,
O‘zA