Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabida “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning o‘ziga xos tizimi shakllangan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari o‘rganilib, ular uch toifaga ajratilgan, endilikda ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ish olib borilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar vazir, vazir o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, rektorlar, milliy gvardiya hamda harbiy qism komandirlariga nomma-nom biriktirilganligi, ular tomonidan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlari mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirmoqda.
[gallery-19184]
Jalaquduq tumanidagi “Qo‘mondon va yoshlar uchrashuvi” doirasidagi tadbirlar, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general mayor Oybek Saidovning yoshlar bilan muloqoti ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri bo‘ldi.
“Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi avvalida tumanning asosiy ko‘chalari bo‘ylab harbiy xizmatchilar va yoshlarning vatanparvarlik karvoni saf yurishlari o‘tkazildi.
Tumanning chekka, chegara hududida joylashgan 2-son kasb-hunar maktabida mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonining yoshlar bilan uchrashuvi mazmunli va qiziqarli o‘tdi.
Uchrashuvda Sharqiy harbiy okrug qo‘mondoni mamlakatimizda yoshlarning o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, yoshlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.
Yoshlarni vatanparvar, yurtiga, xalqiga munosib xizmat qiladigan fidoyi va sobitqadam bo‘lishga chaqirdi.
Shuningdek, qo‘mondon uchrashuv davomida jalaquduqlik yoshlar erishayotgan yutuqlar bilan tanishdi, ularning taklif, fikr va mulohazalarini eshitdi, yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi. Ayniqsa, harbiy kasbni egallash, Qurolli Kuchlar tizimidagi islohotlar haqida keng ma’lumotlar berdi. Faoliyatining o‘ziga xos, ibratli jihatlari xususida gapirdi.
Muloqotda qo‘mondon bir guruh faol yoshlarga o‘zining esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Tadbirdan so‘ng namoyish etilgan qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiy orkestr jamoasi va harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari