Qo‘mitaning o‘z strategiyasi mavjud
Yaqinda ommaviy axborot vositalarida dunyoning o‘n to‘qqizta davlatida turli hayvonlarda COVID-19 ning qo‘zg‘atuvchilari kuzatilganligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi.
Mazkur xabarlar rasmiy idoralar tomonidan tasdiqlandi.
Albatta, bu holat mamlakatimizning epizootik osoyishtaligi uchun xatarli hisoblanadi. Negaki, yuqumli kasalliklarning aksariyati hayvondan odamga yuqadi va bu holat odamlar sog‘ligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Shu bois, mamlakatimizdagi epizootik vaziyat xususida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Jabborovga murojaat qildik.
– Shuhrat aka, hayvonlarda COVID-19 ning qo‘zg‘atuvchilari kuzatilganligi to‘g‘risidagi xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin? Mutaxassis sifatida koronavirusning hayvonlarda uchrashini qanday izohlaysiz?
– Jahon sog‘likni saqlash tashkiloti koronavirusning hayvonlarda uchrashini allaqachon tasdiqlab bo‘ldi. Bu haqda Xalqaro hayvonlar sog‘ligini saqlash tashkilotiga maxsus axborot ham kiritilgan. Xalqaro hayvonlar sog‘ligini saqlash tashkiloti tomonidan dunyo davlatlariga hayvonlarni koronavirusdan saqlash, virusga chalinishining oldini olish bo‘yicha alohida ko‘rsatma va yo‘riqnomalar berilgan. Bunda avvalo, har bir davlat o‘zining chegaradagi veterinariya sanitariya punktlarini COVID-19 ni aniqlaydigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlashi va import qilinadigan hayvonlar uchun qat’iy karantin rejimini joriy etishi belgilangan.
– Mamlakatimiz chegara punktlarida hayvonlarda uchraydigan COVID-19 ni aniqlaydigan barcha qulayliklar bormi?
– Albatta. Yurtimizdagi barcha chegara veterinariya nazorati punktlari zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Maxsus dezinfeksiya yo‘laklari joriy etilgan. Shuningdek, Xalqaro hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti tomonidan kasallik qayd etilishi bo‘yicha alohida monitoring yurtiladi...
– Shu o‘rinda dunyodagi epizootik vaziyat xususida ham to‘xtalsangiz...
– Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilning o‘tgan 8 oyida dunyoning 10 ta davlatida 83 holatda oqsil, 20 ta davlatida 7079 holatda cho‘chqa o‘lati, 3 ta davlatida 17 holatda qo‘y va echki chechagi, 55 ta davlatida 2697 holatda yuqori patogenli parranda grippi, 6 ta davlatida 17 holatda qo‘ylarning blyutang, 3 ta davlatida 12 holatda parrandaning Nyukasl, 2 ta davlatida 12 holatda tuberkulyoz, 1 ta davlatida 2 holatda brutsellyoz, 5 ta davlatida 12 holatda kuydirgi, 7 ta davlatida 686 holatda nodulyar dermatit, 3 ta davlatida 23 holatda mayda shoxli mollarni o‘lati, 5 ta davlatda 85 holatda quturish va boshqa tur kasalliklar aniqlangan.
– Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun qanday tadbirlar amalga oshirilmoqda?
– Respublikada epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni o‘tkazish uchun jami 1200 ta ishchi guruh tashkil etilib, unga 4799 ta mutaxassis va xodimlar biriktirildi. Ishchi guruh ishini muvofiqlashtirib borish bo‘yicha respublika, viloyat va tuman shtablari tashkil etildi.
Profilaktik tadbirlar bo‘yicha kalendar reja asosidagi tizim yaratilib, bugungi kunga qadar yirik shoxli mollarning 8,9 mln boshi va mayda shoxli mollarning 13,0 mln boshi shuningdek, 297,7 ming bosh boshqa tur hayvonlar kuydirgiga, yirik shoxli mollarning 5,9 mln boshi nodulyar dermatitga, 2,6 mln boshi oqsilga, 2,8 mln bosh qorasonga, 849,4 ming boshi leptospirozga, mayda shoxli mollarning 2,9 mln boshi oqsilga, 15,4 mln boshi brutsellyozga, 3,1 mln boshi chechakga, 965 ming boshi bradzotga, 59,0 ming boshi leptospirozga, 125 ming bosh quyonlarning gemorragik isitmasiga, 11,4 ming bosh tuyalar o‘latiga, hamda 8,4 mln bosh parrandalar Nyukasl kasalligiga va ro‘yxatga olingan 2,5 mln bosh it va mushuklar quturish kasalligiga qarshi profilaktik emlandi.
Shu bilan birga, 3,2 mln bosh yirik va 1,1 mln bosh mayda shoxli mollar brutsellyozga va yirik shoxli mollarning 1,7 mln boshi tuberkulyozga diagnostik tekshirildi hamda 13,7 mln bosh yirik va 19,5 mln bosh mayda shoxli mollar ektoparazitlarga qarshi profilatik ishlov berildi. Chorva mollari saqlanadigan 672,1 ming ta binoda dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari o‘tkazildi.
Manfaatdor vazirliklar bilan hamkorlikda Andijon, Farg‘ona, Namangan Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlari hududida mavjud biologik chiqindilarni ko‘mish va utilizatsiya qilish joylari xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov natijasiga ko‘ra, ularing joylashuvi bo‘yicha koordinatlari belgilandi.
Shu bilan birga joriy yilning yanvar-iyun oylarida xamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda kuydirgi, quturish va Krim Kongo gemorragik isitma kasalliklari tarqalishining oldini olish bo‘yicha maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
– Juda katta hajmdagi epizootik tadbirlar xususida fikr yuritdingiz. Buning uchun yetarlicha veterinariya pereparatlari mavjudmi?
– Zaxiramizda veterinariya pereparatlari yetarli. 2021 yilda respublikada veterinariya osoyishtaligini ta’minlash maqsadida 10,3 mln. doza kuydirgi, 240 ming doza quturish, 7,9 mln. doza nodulyar dermatit, 3,8 tonna qorason, 1,4 tonna bradzot, 992 ming doza leptospiroz, 25,0 ming doza tuyalar o‘lati, 5,0 mln doz oqsil, 10,0 mln doza chechak, 16,0 mln doza brutsellyoz (Rev-1), 17,1 ming doz brutsellyoz (shtamm 19), 135 ming doza quyonlarning gemmoragik isitma kasalliklariga qarshi emlama va 26,2 tonna dezvositalar xarid qilinib, belgilangan tartibda joylarga yetkazib berilmoqda.
Hozirgi kunda zaxirada 4,4 mln doza oqsil, 3,0 mln doza nodulyar dermatit, 25 ming doza quyonlarning gemorragik isitmasi, 4,0 tonna qorason, 5,0 tonna bradzot, 18 ming doza leptospiroz, 32,0 ming doza brutsellyoz (shtamm-19), 6,4 mln doza kuydirgi va 1,0 mln doza itlarning quturish kasalligiga qarshi emlamalar va 10,6 tonna dezvosita (9,2 tonna kreolin va 1,4 tonna gipoxlorit) mavjud.
– Demak, hayvondan odamga yuquvchi yoki chorvani nobud qiladigan yuqumli kasalliklarning oldini olish borasidagi profilaktik ishlar me’yorida?..
– Shunday. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining bu borada kelgusi uch yillik, besh yillik, o‘n yillik uchun o‘z strategiyasi mavjud. Agar qo‘mita ana shunday strategiya asosida faoliyat yuritmasa, inson salomatligiga xavf soluvchi hayvon kasalliklariga qarshi kurashishda vaziyatni boy berib qo‘yadi.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Ikrom Avvalboyev, O‘zA