Xalqaro standartlar – mahalliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirishning muhim omili
Jahon bozorida raqobat tobora kuchayib, iste’molchilarning mahsulot sifati va xavfsizligiga bo‘lgan talabi ortib bormoqda. Mamlakatimizda xalqaro standartlarni joriy etish, mahalliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlarga yaratilayotgan yengilliklar haqida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Lazizbek Saidoripov O‘zA muxbirining savollariga javob berdi.
— Lazizbek Furqatjonovich, bugungi globallashuv davrida xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etish qay darajada ahamiyatli? Bu borada mamlakatimizda qanday ko‘lamdor ishlar amalga oshirilmoqda?
— Bugungi kunda tashqi bozorga chiqish istagida bo‘lgan har bir korxona uchun faqatgina mahsulot ishlab chiqarishning o‘zi yetarli emas. Mahsulotning sifati, xavfsizligi, ekologik talablarga muvofiqligi va ishlab chiqarish jarayonining barqarorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Xalqaro standartlar mahsulot sifatini yagona talablar asosida ta’minlash, resurslardan samarali foydalanish va xorijiy hamkorlar ishonchini qozonish imkonini beradi.
Shu bois mamlakatimizda standartlashtirish tizimini xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilda 464 ta xalqaro standart davlat tiliga tarjima qilinib qabul qilindi. Shuningdek, 2 992 ta xalqaro, 113 ta O‘zbekiston milliy hamda 39 ta xorijiy mamlakat standarti qabul qilindi.
Hozirgi kunda respublikamizdagi 63 311 ta sanoat korxonasining 6 464 tasida (10,2 foiz) xalqaro standartlar joriy etilgan. Bunda Toshkent shahri (1 247 ta), Samarqand (670 ta) va Farg‘ona (534 ta) viloyatlari yetakchilik qilmoqda. Joriy etilgan standartlar orasida ISO 9001, ISO 14001 va ISO 45001 kabi tizimlar yuqori salmoqqa ega.
— Xalqaro va xorijiy standartlarni respublikamiz hududida qabul qilish va amaliyotga joriy etishning huquqiy mexanizmlari va tartibi qanday yo‘lga qo‘yilgan?
— Xalqaro standartlarni tarqatish va qabul qilish Agentligimiz huzuridagi O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-martdagi 220-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
Ushbu tartibga ko‘ra, xalqaro standartlar milliy standartlar sifatida davlat tilida va standartning asli yozilgan tillardan birida qabul qilinishi mumkin. Bunda milliy manfaatlar, iqlimiy sharoitlar, ishlab chiqarish xususiyatlari va tadbirkorlik muhiti albatta inobatga olinadi. Xalqaro standartlar aynan o‘xshash (IDT), modifikatsiyalangan (MOD) va ekvivalent bo‘lmagan (NEQ) shakllarda qabul qilinadi.Standartlarga ehtiyoj sezayotgan tadbirkorlarimiz O‘zbekiston standartlar institutiga murojaat qilishlari mumkin.Qolaversa, tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida amalda bo‘lgan standartlar katalogi to‘liq raqamlashtirilgan va institutning rasmiy veb-sayti orqali ochiq tanishish imkoniyati yaratilgan.
— O‘tgan 2025-yil va joriy 2026-yilning 9 oylik davrida bu borada qanday amaliy natijalarga erishildi va kelgusida tizimda qanday ustuvor vazifalar belgilangan?
— 2025-yilda 1 689 ta korxonaga 3 382 ta menejment tizimi standarti joriy qilinib, tegishli sertifikatlar rasmiylashtirildi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar qurilish sohasi (1 156 ta), oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi (148 ta) hamda yengil sanoatga (107 ta) to‘g‘ri keldi.
2026-yilda esa yana 1 500 ta korxonada xalqaro tan olingan menejment tizimi standartlarini joriy etmoqdamiz. Shu maqsadda viloyat hokimliklari bilan hamkorlikda tarmoq jadvallari tasdiqlangan. Rejaga muvofiq, yengil sanoatda 481 ta, qurilishda 379 ta, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligida 373 ta korxona qamrab olinadi. Standartlar kesimida asosiy e’tibor ISO 9001 (1 244 ta), ISO 14001 (161 ta), ISO 45001 (138 ta), shuningdek, GLOBAL G.A.P., OEKO-TEX va HALAL kabi nufuzli xalqaro talablarni joriy etishga qaratiladi.
— Eksportga yo‘naltirilgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va ularga xorijiy sertifikatlarni olish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha qanday yengilliklar yaratilmoqda?
— Asosiy e’tiborimiz mahalliy mahsulotlarning eksport geografiyasini kengaytirishga qaratilgan. Masalan, Yevropa va boshqa rivojlangan bozorlarga chiqishda talab etiladigan CE markirovkasini rasmiylashtirish bo‘yicha 12 ta korxona bilan amaliy ishlar olib borilib, 4 tasiga bevosita yordam ko‘rsatildi. Xususan, “Termo-Tech” MCHJga Chexiyadagi notifikatsiyalangan organ orqali CE markirovkasi olib berildi va natijada korxona o‘z mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, AQSH va Kanada kabi bozorlarga eksport qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, jarayonlarni raqamlashtirish maqsadida “Texnik tartibga solish” (TRIS.UZ) milliy axborot tizimida elektron xizmatlar joriy etildi. Endilikda tadbirkorlar xorijiy sertifikatlarni olish uchun tizim orqali avtorizatsiyadan o‘tib, arizani elektron shaklda yuborishlari kifoya.
Bizning oliy maqsadimiz — “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i ostidagi mahsulotlarning jahon bozoridagi nufuzini oshirish va milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini mustahkamlashdir.
— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Hamroz Bayanov suhbatlashdi.