Qizlarga tadbirkorlik ko‘nikmalari o‘rgatildi
Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Tadbirkor qizlar” biznes marafoni o‘tkazildi.
Xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy-siyosiy faolligini va bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda ishbilarmon qizlar va sohaga qiziquvchi yoshlar ishtirok etdi.
Biznes marafonda dastlab “Tadbirkorning muvaffaqiyat formulasi: bilim, tajriba, malaka, natija uyg‘unligi” sessiyasida mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Unda “Ayol uchun” platformasi va “Imkon Uzbekistan” IT kompaniyasi asoschisi Mahliyo Tojiyeva, “Influencer Awards O‘zbekiston-2023” nominatsiyasi g‘olibi, frilanser Dilshod Hamroev o‘z tajribalari haqida gapirib, tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtaldi.
“Moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish – tadbirkorlik faoliyatini boshlashning ilk komponenti” mavzuidagi sessiyada ham yetakchi tadbirkor xotin-qizlarning motivatsion ma’ruzalari tinglandi. Interfaol usullarda mashg‘ulotlar o‘tkazildi. “Arabbayevna art”, “Zina” brendi va “ma.vi_colleksiyasi” asoschisi Maftuna Sultonmahmudova bu borada tadbir ishtirokchilariga o‘ziga xos master-klass o‘tdi.
Marafon davomida qizlar biznes loyiha ishlab chiqish va uni amalga oshirish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga trenerlardan batafsil javob oldilar.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari