Qizlar mahallaning koʻrki, bezagi
BMT Bosh Assambleyasi qarori bilan 2012-yildan buyon dunyoda 11-oktyabr – Xalqaro qizlar kuni sifatida nishonlanib kelinadi.
BMT Bosh Assambleyasi qarori bilan 2012-yildan buyon dunyoda 11-oktyabr – Xalqaro qizlar kuni sifatida nishonlanib kelinadi. Bu sananing taʼsis etilishi qizlar kamsitilishining oldini olish, ularning ijtimoiy muammolariga jamoatchilik eʼtiborini qaratishdek ezgu maqsadni koʻzda tutadi.
Har bir zakovatli qiz – mamlakat ustuni. Zero, maʼrifatli, yuksak axloqqa ega qizlarimiz sabab jamiyatimizda sogʻlom oilalar qurilmoqda, barkamol farzandlar tugʻilib, ulgʻaymoqda. Yetakchi ayollar safi ham tobora kengayib borayotir.
Ushbu sana munosabati bilan Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Yoshlar ittifoqi, Madaniyat, Jismoniy tarbiya va sport, Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Ichki ishlar vazirliklari hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida turli tadbirlar, anjumanlar, avlodlar uchrashuvlari, seminar-treninglar, sport musobaqalari uyushtirildi.
“Qiz bor uyning fayzi boʻlak”, “Qizlar mahallaning koʻrki, bezagi” “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” shiori ostida “Avlodlar uchrashuvi”, “Qizlarni oila qurishga tayyorlash”, “Qarindoshlik nikohlari xamda erta nikohning salbiy oqibatlari” mavzuida maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy-targʻibot tadbirlari qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga katta hissa qoʻshdi.
Shuningdek, joylarda Oʻzbekiston Qahramoni unvoni sohibalari, mustaqillik yillarida mamlakatimizning turli yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan ayollar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari, shoir va yozuvchilar, madaniyat xodimlari, sportchilar, yosh tadbirkorlar, hunarmand qizlar hamda ilmiy tadqiqotchi yosh olimalar va boshqa faol yoshlar bilan ijodiy uchrashuvlar oʻtkazildi. Nogiron qizlar holidan xabar olinib, ularning koʻngillariga bayram shukuhi olib kirildi.
Oʻquvchi hamda talaba qizlar oʻrtasida “Qizlarjon”, “Milliy libos – maʼnaviyatimiz koʻzgusi”, “Zulfiya izdoshlari”, “Toʻmaris izdoshlari”, “Yor-yor” va “Alla” festivallari, tanlovlar hamda aksiyalar ham tashkil etildi.
Targʻibot tadbirlariga qariyb 250 mingga yaqin qiz qamrab olindi. Internet tarmogʻining oʻzbek segmentida bu kunga bagʻishlangan maxsus xeshteglar ham uyushtirildi.
Or-nomus, hayo, iffat, sadoqat, mehr va muhabbat timsoli boʻlgan, hayotimizga goʻzallik, umrimizga mazmun bagʻishlab turgan qizlarimiz bor ekan, xonadonlarimizdan fayz, totuvlik, koʻnglimizdan xotirjamlik, quvonch hamda ulugʻvor orzular aslo arimaydi.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi
Matbuot xizmati