Qizlar forumi: rahbar ayollar safi kengaymoqda
Buxoroda “Qadriyatimiz – bebaho boyligimiz” shiori ostida “Qizlar forumi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, hozirda xotin-qizlar jamiyatning faol qatlamiga aylanib, ilmiy-tadqiqot, tibbiyot va ta’lim muassasalari, sanoat korxonalari, kichik biznes sub’ektlarida rahbar ayollar safi kengayib bormoqda. Bugun viloyatdagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida 26 nafar, jamoat tashkilotlarida esa 20 nafarga yaqin ayol rahbarlik lavozimida ishlamoqda.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ming nafarga yaqin, xalq ta’limi tizimida 22 ming, sog‘liqni saqlash tizimida 2,5 ming, tadbirkorlik va fermerlik sohasida 10 ming nafardan ortiq rahbar ayol faoliyat yuritayotgani ularning jamiyat rivojida nechog‘li katta kuch ekanligi va yuksak ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat. Ayni paytda viloyatdagi sport murabbiylarining 408 nafari xotin-qizlar. Ularning 112 nafar shogirdlari xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan.
Xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, gender tenglik kafolatlarini ta’minlash, ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, xalq xo‘jaligining turli jabhalarida mehnat qilayotgan xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir va nochor yashayotgan ayollar va ular oilalarini muhofaza qilish, ularni daromad topib, risoladagidek umrguzaronlik qilishlariga erishish yuqori idoralar zimmasidagi dolzarb vazifa ekanligi uqtirildi.
Qizlar forumi davomida har jabhada o‘z iqtidorini namoyon etib, yurtimiz ravnaqiga baholi qudrat hisasini qo‘shayotgan xotin-qizlarimizdan bir guruhi qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
E’tirofga sazovor bo‘lgan peshqadam qizlar orasida O‘zbekiston Jurnalistika va kommunikatsiyalar universiteti talabasi, “Xalqaro press klub” ning “Masofada” loyihasi muxbiri, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sohibasi Nafosat Davlatova ham bor.
– Inson o‘z maqsadi yo‘lida sabr-matonat bilan mehnat qilib, bor kuch-g‘ayratini ayamasa, albatta, chekkan zahmati yerda qolmas ekan, men ham davlatimizning buyuk shoiramiz nomi bilan ataluvchi yuksak mukofotga oz emas, sakkizinchi yili urinishimdan so‘ng muvaffaq bo‘lganimdan baxtiyorman, – deydi Nafosat Davlatova. – Hozirda jurnalistika sohasida yetuk mutaxassis bo‘lishga qat’iy ahd qilib, xorij tilini o‘rganish va ustozlar tajribasini o‘zlashtirish bilan bandman. Bunday tadbirlar men singari yoshlar uchun ayni muddao va katta imkoniyat demak.
Forum doirasida viloyatdagi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” doirasida tijorat banklaridan kredit mablag‘ini olib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlar tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, “Muruvvat” nogironlar uchun ayollar internat uyi xotin-qizlari tomonidan tayyorlangan qo‘l ishlari namunalari hamda hunarmand ayollar, tasviriy san’at yo‘nalishida ijod qilayotgan qizlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbirda sportchi qizlar va murabbiylar, milliy madaniy markazlar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilildi. Forum ishtirokchilari, hunarmand xotin-qizlarning duch kelayotgan tashvish va muammolar atroflicha o‘rganildi. Ularni hal qilish choralari belgilandi. Tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari bilan suhbat tashkil etildi.
Hududlarda ayollarning muammolarini birma-bir o‘rganib, ularni hal qilish lozimligi, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish kerakligi uqtirildi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar Davlat Qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ham qatnashdi.
[gallery-6896]
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA