Qiziriqda ijtimoiy xizmatlar samarasi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida ijtimoiy himoya tizimi tobora takomillashib, fuqarolarning hayot sifati va turmush farovonligini oshirish yo‘lida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolariga yechim topish va ijtimoiy faolligini kuchaytirish alohida e’tiborda.
[gallery-24156]
Markazda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar mahallalarda aholi bilan yuzma-yuz muloqotga kirishib, har bir oilaning dardi va ehtiyojini o‘rganib, aniq va manzilli yechimlar taklif etmoqda. Tumanning Rabotak mahallasida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodima Mavluda Umbarovaning bu boradagi faoliyati e’tiborga molik. Uning sa’y-harakatlari bilan fuqaro Shahnoza Abilovaning farzandi uchun bolalar nafaqasi rasmiylashtirildi, elektr yuritmali aravacha olib berildi, shuningdek, davolanish uchun reabilitatsiya muassasasiga yo‘llanma berildi. Shu mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolardan yana biri Dilfuza Mirzayeva uchun ham ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar ko‘lami keng bo‘ldi. Fuqaroning farzandi PMPK (Psixologo-mediko-pedagogik komissiya)ga yo‘naltirildi, kunduzgi parvarish xizmatiga jalb etildi. Dilfuza Mirzayevaning o‘zi Qiziriq tuman veterinariya bo‘limiga doimiy ishga joylashtirildi.
Yangi turmush mahallasidagi faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Zohidjon Choriyev tashabbusi bilan esa fuqaro Farmon To‘raqulov va uning oilasiga keng qamrovli yordam ko‘rsatildi. Nabiralari rasmiy vasiylikka olindi, qizi Sayyora subsidiya asosida tikuv mashinasi bilan ta’minlandi. Oilani daromad manbaiga ega qilish maqsadida issiqxona qurib berildi, barcha a’zolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, homiylar yordamida Farmon otaning nabiralariga dars tayyorlash uchun stol va stul ham taqdim etildi.
Yangi hayot mahallasida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodima Nadiya Mirzayeva ham o‘z ibratli faoliyati bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lmoqda. Uning ko‘magi bilan fuqaro Asliddin Alimov elektr yuritmali aravacha bilan ta’minlandi va tumanning O‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga ishga joylashtirildi.
Tumanda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi manzilli yordamlar aholi o‘rtasida katta mamnunlik bilan qarshi olinmoqda. Ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib sharoitlar yaratish, ish bilan ta’minlash va ijtimoiy adolatni ta’minlash borasidagi bu kabi amaliy ishlar hududning ijtimoiy taraqqiyoti uchun xizmat qilishi, shubhasiz.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA