Qit’alararo parvoz ko‘lami kengayadi
Qirq yil oldin tarjimon sifatida O‘zbekistonga kelganman. Hamon shu zaminda faoliyatimni davom ettirib kelyapman. Xizmat yuzasidan tez-tez safarga chiqamiz, havo kemalarida parvoz qilamiz.
Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasidagi chiqishini diqqat bilan kuzatdim. Qator xorijiy tashkilotlar rahbarlari bilan muzokara o‘tkazilib, o‘zaro manfaatli bitimlar imzolanganiga guvoh bo‘ldik.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari va xususiy kompaniyalar AQSHdagi hamkorlar bilan 10 ga yaqin kelishuv imzoladi. Ayniqsa, uchrashuvlardan biri e’tiborimni tortdi. “Boeing Global” shirkati prezidenti Brendan Nelson bilan muloqot yakunida “O‘zbekiston havo yo‘llari” va “Boeing” 14 ta “Boeing 787-9 Dreamliner” samolyoti xarid qilish va yana 8 ta shunday samolyotni opsion sifatida olishga kelishdi. Donald Tramp shartnoma qiymati 8 milliard dollardan ortishini bildirib, Shavkat Mirziyoyevni qutladi.
Bu Milliy aviakompaniya tarixidagi eng yirik kelishuv, deb faxr bilan ayta olaman.
“Uzbekistan Airways” xabar qilishicha, samolyot yetkazib berish 2031 yildan boshlanadi, kelishuv kompaniya uchun Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga uzoq masofali parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Ya’ni, endi qit’alararo reyslar ko‘payadi. Bu olamshumul yangilik har bir o‘zbekistonlik qalbida iftixor tuyg‘usini uyg‘otishi shubhasiz. Zero, O‘zbekiston aeroportlari dunyo miqyosidagi sanoqli tranzit qo‘nalg‘alari qatoridan o‘rin oladi.
To‘g‘ri, avval ham qit’alararo parvoz bo‘lgan. Faqat mijozi ko‘p “Boeing” samolyotlari yanada ko‘p yo‘lovchini jalb qiladi.
Ta’kidlanishicha, “Boeing” samolyotlari zamonaviy aerodinamika, kompozit korpus va yangi avlod dvigatellari uyg‘unligi hisobidan yonilg‘ini tejaydi, karbonat angidrid chiqindisini kamaytiradi.
– Biz “Uzbekistan Airways” bilan qariyb 30 yillik hamkorligimizni qadrlaymiz va mintaqaning dunyo bilan aloqalarini mustahkamlovchi o‘sish strategiyasini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz, – dedi “Boeing” kompaniyasi tijorat sotuvi va marketing bo‘yicha katta vitse-prezidenti Bred MakMallen.
Ushbu voqeani Prezident Donald Tramp ham olqishlab, o‘z ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida hamkasbi Mirziyoyevni bitim bilan tabriklagani ham e’tiborga molik holat.
Ahmad Jasim Az-Zubaydiy,
O‘zDJTU Arab tili tarjima nazariyasi
va amaliyoti kafedrasi professori