“Qit’alar jangi”da bokschilarimizning raqiblari ma’lum
Xabar berganimizdek, joriy yil iyun oyida Rossiya, Osiyo, Afrika va Amerika terma jamoalaridan iborat bokschilar ishtirokida “Qit’alar jangi” bo‘lib o‘tadi.
Osiyo terma jamoasi murabbiyligiga saylangan O‘zbekiston terma jamoasining tajribali murabbiyi Ravshan Xojayev yetakchiligidagi jamoa kecha Moskvaga yetib bordi.
Aytish joiz, turnirda qatnashayotgan har bir jamoa 5 nafar bokschi va 3 nafar murabbiydan iborat. Osiyo qit’asi sharafini 3 nafar o‘zbekistonlik va bir nafardan Qozog‘iston va Tojikiston bokschilari himoya qiladi.
Osiyo terma jamoasi tarkibida 63 kilogrammda tojikistonlik Bahodir Usmonov va 75 kg.da Qozog‘iston vakili Saparbay Aydarov qatnashsa, 68 kg.da jizzaxlik Bobo Usmon Baturov, 80 kg.da buxorolik Odiljon Aslonov va 90 kg.da Toshkent viloyati vakili Madiyor Saidrahimov jang olib boradi.
Iste’dodli bokschilarimiz Bobo Usmon Baturov, Odiljon Aslonov va Madiyor Saidrahimovning ilk raqiblari ma’lum bo‘ldi.
Unga ko‘ra, bokschilarimiz ilk jangni Afrika terma jamoasi a’zolariga qarshi o‘tkazadi. Musobaqalar 4, 11, 18 va 25 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
Osiyo – Afrika “dueli”da Bahodir Usmonov – Rofima Mayevu (JAR) bilan, Bobo Usmon Baturov (O‘zbekiston) Benxard Bernard (Namibiya) bilan, Saparbay Aydarov (Qozog‘iston) Lukas Ndafoluma (Namibiya) bilan, Odiljon Aslonov (O‘zbekiston) Jarman Antoni Damyan (Namibiya) bilan, Madiyor Saidrahimov (O‘zbekiston) Simba Kingumba (Kongo)ga qarshi jang olib boradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA