Qishning sovuq kunlarida elektr ta’minotda uzilishlar bo‘lmaydi
Yurtimizda qish faslining ilk kunlari odatdagidan bir oz boshqacha tarzda o‘tmoqda. Ammo, har bir faslning o‘ziga yarasha tarovati bo‘lganidek, ozmi ko‘pmi tashvishlari ham mavjud.
Jumladan, hududlarda sovuq kunlarning kelishi bilan mas’uliyatli va jiddiy sinov davri ham boshlanadi. Sovuq kunlarda iste’molchilarga elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish ham yanada dolzarb masalaga aylanadi. Ana shunday mas’uliyatli pallada aholining elektr energiyaga bo‘lgan talabini qondirishda sifatli xizmat ko‘rsatilishi muhim ahamiyat kasb etadi. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan hududiy filiali direktori Adhamjon Qoraboyev mavsumni ijobiy o‘tkazish borasidagi o‘z munosabatini quyidagicha izohladi.
– Xalqimizda “Qishning g‘amini yozda yeyish kerak”, degan naql bejiz aytilmagan. Qish kunlarida elektr energiyasini uzluksiz ishlashi yoz faslida olib borilgan tayyorgarlik ishlariga bevosita chambarchas bog‘liq. Ta’kidlash darkor, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati elektr energiyasi ishlab chiqaradigan stansiya emas, balki aynan ishlab chiqaruvchi tomonidan yetkazib berilayotgan elektr energiyasini iste’molchilarga bir maromda taqsimlab beruvchi yuridik tashkilotdir.
Bugungi kunda Namangan viloyatida elektr energiyasidan foydalanuvchi iste’molchilar soni 668 ming 144 tani tashkil etib, shundan 634 ming 112 tasi aholi va 34 ming 32 tasi ulgurji tashkilotlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Shular qatorida “Askue” onlayn tizimiga 652 ming 555 iste’molchi ulangan.
Ta’minotda sifat va samaradorlikka erishishda filialning alohida o‘rni hamda mas’uliyatli vazifalari bor. Ayni shuning uchun ham 2025-2026 yil qish mavsumiga tayyorgarlik rejasiga binoan 6400,3 kilometr tarmoq va 2 ming 893 transformator punktida mukammal hamda joriy ta’mirlash rejalashtirilib, bu to‘liq bajarildi. Bundan tashqari 765 transformatorda yuklamalar teng taqsimlandi, 12 tasi yuklama markaziga ko‘chirildi. Ichki imkoniyatdan kelib chiqib 29 ta qo‘shimcha transformator punkti o‘rnatildi va 31 ta kichik quvvatli transformator katta quvvatlisiga almashtirildi hamda 44 tasi homiylik asosida qurildi.
Joriy mavsumda viloyatdagi 86 mahallada 15 ming 748 temir-beton tayanch o‘rnatildi. Umumiy uzunligi 850,6 kilometr tarmoq va 200 transformator punkti ishga tushirildi. 6400,3 kilometr tarmoq, 2 ming 893 transformator punktida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Xususan, 35-110 kVli 425 yaroqsiz (polimer) izolyator zamonaviysiga almashtirildi hamda 189 temir tayanch korroziyaga qarshi bo‘yaldi.
Kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Xitoyning “Tbyea” kompaniyasida ishlab chiqarilgan katta quvvatli 8 ta transformator olib kelindi. Shundan ikkitasi Kosonsoy tumanidagi “Koson” podstansiyasiga, ikkitasi Chortoqdagi “Chortoq”, ikkitasi Davlatobotdagi “Olmazor” va ikkitasi Chust tumanidagi “Iftixor” podstansiyasiga o‘rnatildi. Natijada 30 ta podstansiyadagi 37 ta kuch transformatori yuklamasiz ishlashi ta’minlandi.
Tarmoqdagi uzilishlar bo‘yicha murojaatlarni e’tiborga olgan holda, Namangan shahrining G‘isht ko‘prik, Ozod va Madaniy Maorif mahallalaridagi iste’molchilarni elektr ta’minoti bilan ta’minlovchi 6 kVli “15-Maktab” kabel tarmog‘i yukini yengillatish uchun uch kilometr, Davlatabod tumanidagi Yangi tong va Istiqlol mahallalaridagi 6 kVli “Yangi tong” eskirgan kabel tarmog‘i o‘rniga 0,7 kilometr hamda Yangi Namangan tumanidagi Mingterak, Axsikent va Mustaqillik besh yilligi mahallalarini quvvat bilan ta’minlovchi 10 kVli “Samarqand” va 6 kVli “Buloqsoy” tarmoqlarini yukini yengillashtirish uchun to‘rt kilometr yangi tarmoq tortildi.
Shuningdek, Yangi Namangan tumanidagi Sihatgoh va Mingchinor mahallalari uchun 10 kVli “Kislorod-2” tarmog‘ini yukini yengillashtirish uchun 1,4 kilometr hamda Chust tumanidagi Kamarsada, Serob, Guliston va Do‘zanda mahallalariga qarashli 10 kVli eski “Kamarsada” tarmog‘i o‘rniga 0,3 kilometr yangisi qurildi.
Umuman olganda, jami 78 transformator punkti o‘rnatilib, ishga tushirildi. Shuning 50 tasini yuklamalari yengillashtirildi, 28 tasi esa yuklama markaziga ko‘chirildi. Qo‘shimcha 139,3 kilometr uzunlikdagi tarmoqlar tortib ishga tushirildi.
Tayyorgarlik ishlari jarayonida ko‘p qavatli uylardagi ta’minot holati ham e’tibordan chetda qolmadi. Viloyat bo‘yicha 1 ming 635 uydagi 6 ming 953 elektr xo‘jaligida ta’mir zarurligi aniqlanib, dalolatnomalar tayyorlandi va loyiha topshirig‘i ishlab chiqildi va rejadagi ishlar to‘liq ado etildi.
“Xalq talabi – haq talab”, degan tamoyildan kelib chiqqan holda, korxona dispetcherlik xizmatlariga kelib tushayotgan har bir murojaat yechimiga doimiy ahamiyat qaratilmoqda. Tahliliy raqamlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, jami 2010 murojaatning 1397 tasi Prezident qabulxonasiga, 80 tasi Bosh prokuraturaga va 339 tasi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga, 38 tasi Namangan viloyati hokimligiga hamda 156 tasi filialga yo‘llangan. Barchasi mutaxassislar tomonidan joyida o‘rganilib, ijobiy hal etib kelinmoqda.
Favqulodda uzilishlarning oldini olish va sodir bo‘lganlarini tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida elektr ta’minoti korxonalarida 584 xodimdan iborat 104 ta brigada hamda 30 maxsus transport shay xolga keltirildi.
Hududlar infratuzilmasini rivojlantirish va xalqmiz farovonligini tubdan yaxshilash orqali ko‘zlangan maqsadga erishilar ekan, bu borada soha vakillari zamon talabi darajasida sidqidildan xizmat qilishga bel bog‘lagan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA