Qishloq xo‘jaligida raqamli yechimlar: agrar sohadagi yangi imkoniyatlar namoyish etilmoqda
Texnologiyalar hayotimizning deyarli barcha jabhalariga kirib bormoqda.
Bugun qishloq xo‘jaligida ham raqamli yechimlardan foydalanish orqali resurslarni tejash, ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish va fermerlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Poytaxtimizda boshlangan “ICTWEEK Uzbekistan – 2026” haftaligi ana shu jarayonlarning muhim maydoniga aylanmoqda. Mamlakatdagi yirik texnologik tadbirlardan biri bo‘lgan haftalikda raqamli texnologiyalar sohasidagi so‘nggi ishlanmalar, innovatsion yechimlar va ilg‘or tajribalar namoyish etilmoqda.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi ham o‘z ishlanmalari va raqamli yechimlari bilan ishtirok etmoqda.
Xo‘sh, aslida raqamli texnologiyalar agrar sohaga nima beradi?
Bugun qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish nafaqat zamonaviy dasturlardan foydalanish, balki tarmoqni boshqarishning yangi usullarini joriy etishni ham anglatadi. Ma’lumotlar bilan ishlash, elektron xizmatlar va zamonaviy texnologik yechimlar fermerlar hamda tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Agrosanoatni raqamlashtirish markazining “ICTWEEK Uzbekistan – 2026”dagi ishtiroki agrar sohada raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, axborot texnologiyalarini qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish va tarmoq boshqaruvini yanada samarali tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratish imkonini bermoqda.

Haftalik doirasida tashrif buyuruvchilar agrosanoat tarmog‘ida raqamlashtirish orqali yaratilayotgan imkoniyatlar, elektron xizmatlar va zamonaviy texnologik yechimlar bilan tanishishlari mumkin. Bu jarayonning ahamiyati shundaki, raqamli texnologiyalar qishloq xo‘jaligida resurslardan samarali foydalanish, qaror qabul qilishni tezlashtirish va fermerlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
“ICTWEEK Uzbekistan – 2026” haftaligi 25-sentabrga qadar davom etadi. Unda raqamli texnologiyalar, startaplar, investitsiyalar va innovatsion yechimlarga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkaziladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA